13:38 / 11.09.2017
16834

Bechora Klopp va bechora Chemberleyn, sentabrda qaytgan Keyn, «MYu»ning ochko yo‘qotishi. APLda tur voqealari

Angliya Premer Ligasining bir nechta baland afishalari bo‘lgan 4-turi o‘z nihoyasiga yetish arafasida. Bu turda ham bir nechta voqealar bo‘ldiki, e'tibordan chetda qolishi mumkin emas.

BIRINChI MARTA

Foto: Premer liga

Ushbu turda juda ko‘p voqealar birinchi marta sodir bo‘lganini e'tirof etish kerak. Turnir peshqadami «Manchester Yunayted» birinchi marta o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yubordi va birinchi marta ochko yo‘qotdi. «Stok Siti» hujumchisi Erik Maksim Shupo-Motting ushbu o‘yinda APLda o‘zining ilk gollarini urdi.

Endi chempionatda faqat «Haddersfild Taun» o‘z darvozasini daxlsiz saqlab kelmoqda. Ammo jamoa hali 4-turni o‘tkazgani yo‘q. (Bugun kechqurun turning so‘nggi uchrashuvi bo‘lib o‘tadi: «Vest Hem» – «Haddersfild»).

APL debyutanti «Brayton end Houv» ushbu turnirdagi ilk g‘alabasiga erishdi. Mag‘lub tomon «Vest Bromvich» esa, mavsumdagi birinchi mag‘lubiyatini qabul qildi.

«Liverpul» Klopp boshchiligida birinchi marta top klubga safarda boy berdi.  

APL tarixida birinchi marta bir klub dastlabki 4 turda birorta ham gol urmay 4 mag‘lubiyatga uchradi – «Kristal Pelas». Angliya chempionati tarixida bunday voqea 1924 yilda kuzatilgandi. 

FRANK De BURNING KURSISI LARZAGA KeLDI

Foto: Sports.ru

«Kristal Pelas» klubi tarkib jihatidan Angliyada u qadar pastda emas. Tousend, Benteke, Panchon, van Anholt, Shlupp, Kabay kabi futbolchilarni o‘z tarkibida ko‘rishni orzu qiladigan jamoalar ligada kamida 10ta. Ammo niderlandiyalik mutaxassis boshchiligida «Kristal Pelas» ishonchli ko‘rinmayapti va hatto yuqorida tilga olingan antirekordni qayd etib ulgurdi.

«Kristal Pelas»ning keyingi turlardagi raqiblari: «Sauthempton», «Manchester Yunayted», «Manchester Siti», «Chelsi». Bunday taqvim bilan jamoa o‘zini o‘nglab olishi yanada qiyin bo‘ladi va dastlabki turlardagi mag‘lubiyatlar yanada og‘rib o‘rtaga chiqadi. Katta ehtimol bilan ligadagi dastlabki iste'fo aynan Frank De Bur bo‘lsa, ajab emas.  

 MANeSIZ QOLGAN «LIVeRPUL»

Foto: The Telegraph

Filippe Koutino «Liverpul»da qolgani aniq bo‘lib, mashg‘ulotlarni boshlagach, Yurgen Klopp oldida katta dilemma turgandi. Ko‘pchilik bu haqida gapirdi – xo‘sh, murabbiy Koutinoni asosiy tarkibga kimning o‘rniga qo‘shadi? Mavsumni juda kuchli boshlagan Mane-Saloh-Firmino uchligini buzishga jur'at eta oladimi?

Vaziyatning o‘zi Klopp ishini osonlashtirdi, «Etihad»da qizil kartochka olgan Mane kamida 2-3 o‘yinda maydonga tusha olmaydi. Demak kelayotgan haftalarda hech bo‘lmasa, APLda bunday bosh og‘riq bo‘lmaydi. Ammo Manesiz liverpulliklar butunlay boshqacha, kuchsizroq jamoaga (yanvarni eslang) aylanib qolishini e'tiborga olsak, Manchesterda jamoa faqat uch ochkoni yo‘qotmaganiga amin bo‘lamiz.  

HARRI KeYN VA AVGUST

Foto: Premer liga

«Tottenhem» hujumchisi Harri Keyn o‘z faoliyatini boshlabdiki, jamoasi safida 100ta gol uribdi hamki, avgust oyida raqib darvozasini ishg‘ol qila olmaydi. Buni faqat sport formasi bilan bog‘lash mushkul, chunki sana sentabr oyiga o‘tishi bilan yana gollarni qalashtirishni boshlab yuboradi.

Kuzning birinchi kunidayoq, Keyn Angliya terma jamoasi safida gol urgach, «yo‘q, bu APL emas, hisobmas» deganlar bo‘ldi. Lekin hujumchi «Tottenhem» safida ham sentabrdagi ilk o‘yinda gol urdi, hatto ikki marotaba.

DANNI UELBeK – «ARSeNAL»NING YaNGI YuLDUZIMI?

Foto: Squawka

Aleksis Sanches, Olive Jiru, Aleksandr Lyakazet... Tilga olingan so‘nggi futbolchi «Arsenal» tarkibiga kelib qo‘shilgach, hujum chizig‘ida bulardan qaysi biri o‘ynashi va kim zaxirada qolishi haqida munozaralar ko‘p bo‘lgandi. Ammo hech kim Danni Uelbekni esga olmagan o‘shanda.

Ammo bular ichida faqat Danni Uelbek muntazam ravishda maydonga tushib kelmoqda va jamoa shu paytgacha kiritgan 7 golning yarmidan ko‘pida ishtirok etib ulgurdi. «Lester»ga qarshi birinchi turdagi o‘yinda u jamoasining ikkinchi golini urgan bo‘lsa, 4-turdagi «Bornmut» bilan uchrashuvda «Arsenal»ning uchala golida ham ishtirok etdi. Dubl qayd etgan Uelbek endi Vengerning eng ishongan quroliga aylanib bormoqdami?

BeChORA OKSLeYD-CheMBeRLeYN

Aleksning «Arsenal»dagi so‘nggi o‘yini aynan «Liverpul»ga qarshi kechgandi va o‘shanda «to‘pchilar» yirik – 0:4 hisobida mag‘lubiyatga uchragandi.

Doim g‘oliblar tomonida bo‘lishni «istaydigan» Oksleyd-Chemberleyn «Liverpul» safidan joy oldi va bu safar ham jamoasi yirik hisobda mag‘lubiyatga uchradi – 0:5.

Balki gap futbolchining o‘zidadir?

HAFTA MURABBIYI: Marko SILVA (Uotford)

«Everton», «Kristal Pelas» yoki «Vest Hem»dan kutilgan ishlarni hozircha Marko Silva va uning jamoasi amalga oshirmoqda. «Uotford» dastlabki 4 turda 2 g‘alaba va 2 durang bilan turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. «Liverpul» bilan jangovor durang, o‘z maydonida juda kuchli bo‘lgan «Sauthempton» ustidan ishonchli g‘alaba Marko Silvaning yutug‘i, albatta.

Portugaliyalik murabbiy o‘tgan yili «Hall Siti» bilan qo‘yi ligaga tushib ketgan bo‘lsa ham, uning ishlari barchaning e'tiborini qozongandi. Silva o‘shanda «Hall»ga kelganida barchasi ilojsiz holga kelib bo‘lgandi, o‘shanda ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatilgan, jamoa «Liverpul», «Manchester Yunayted» bilan o‘yinlarda ochkolar olgandi.   

HAFTA OMADSIZI: Renato SANSheSh (Suonsi)

Foto: Squawka

Yevropa chempioni, o‘sha turnir qahramonlaridan biri, o‘tgan yili Yevropaning eng yaxshi yosh futbolchilaridan biri sanalgan va bir necha top klublar o‘rtasida talash bo‘lgan Renato Sanshesh endi «Suonsi»da.

Bu haqida oldin ham yozilgan, lekin uning yangi jamoadagi debyuti u qadar ishonchli chiqmadi. Maydon markazida harakat qilgan Sanshesh «Suonsi» mag‘lubiyatga uchrayotganda, o‘yinning 69-daqiqasida almashtirib yuborildi. Buning ustida futbochilarni statistik ko‘rsatkichlari bo‘yicha baholab boruvchi Whoscored «Suonsi» futbolchilari ichida eng past bahoni aynan Sansheshga qo‘ydi.

 

HAFTA QAHRAMONI: Erik Maksim ShUPO-MOTTING («Stok Siti»)

Bundesliga ishqibozlariga yaxshi tanish bo‘lgan kamerunlik hujumchi turnir peshqadamiga qarshi o‘yinda o‘zini ko‘rsata oldi. U nafaqat 2 gol urdi, shuningdek, jamoasining bir qator xavfli hujumlarini uyushtirgani bilan yodda qoldi.

28 yoshli hujumchi birinchi golni markaziy himoyachi o‘rnida to‘pni qabul qilib, yaqin masofadan kiritgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda standart vaziyatni boshi bilan golga aylantirib, hisobni tenglashtirdi. Endi «Stok Siti» muxlislari Arnautovichni eslashmasa ham bo‘ladi...

 

NATIJALAR:

MANCheSTeR SITI – LIVeRPUL – 5:0

ARSeNAL – BORNMUT – 3:0

BRAYTON – VeST BROMVICh – 3-1

EVeRTON – TOTTeNHEM – 0:3

LeSTeR – CheLSI – 1:2

SAUTHEMPTON – UOTFORD – 0:2

STOK SITI – MANCheSTeR YuNAYTeD – 2:2

BYoRNLI – KRISTAL PELAS – 1:0

SUONSI – NYuKASL – 0:1

 

Turnir JADVALI:

Top