Suv bilan obod uying, gar bo‘lsa u vayrona ham
(o‘zgartirilgan she'r)

Kimdir yangi chiqqan ayfonni orzu qiladi, boshqa kimdir bir qultum suvni. Agar sizning uyingizda jo‘mrakni burashingiz bilanoq sharillab ichimlik suvi kelsa, quvoning – ko‘pchilikning qo‘li yetmaydigan ne'mat sizga yog‘ilib turibdi.

Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanining janubidagi qishloqlar bu galgi muammoli maqolaning mavzui bo‘ldi.

Aytish kerakki, yuqorida tilga olingan qishloqlarni tabiat toza ichimlik suvi bilan siylamagan. Ularga suv mahalliy xalq tili bilan aytganda «yuqoridan», ya'ni suvga mo‘l O‘qchi qishlog‘idan keladi (rasmga qarang).

Tumanning Obod, Karimdevona, Oyimcha-qaqir, Dahanaqaqir, Tagob, Fayziobod, Qayquobod, Do‘stlarobod qishloqlari va Sho‘rsuv shaharchasida toza ichimlik suvining muammoga aylanish tarixi o‘tgan asrning 90-yillariga borib taqaladi. Suv chiqarish inshooti esa ...1932 yilda qurilgan. 80 yildan ziyod xalqqa xizmat qilgan «vodokachka»ga rahmat deyish kerakmi yoki o‘rniga boshqa qurish adolatli bo‘ladimi?

O‘qchi qishlog‘idan beton ariqda keladigan suvning holatini ko‘ryapsizmi? Shu suvni 35 mingga yaqin aholi iste'mol qiladi. Oq suv deyishadi. Bu «oq suv» yo‘l-yo‘lakay qayerlarni sug‘ormaydi, kimlar cho‘milmaydi...

Yetib kelgunicha azizga aylanadigan suv Karimdevona qishlog‘idagi «suvolg‘ich» (vodozabornik) inshootida tindiriladi. Ha, faqat tindiriladi, biror mexanik yoki kimyoviy ishlovdan o‘tkazilmaydi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aholiga uzatiladi.

Do‘stlarobod qishlog‘iga suvni tindirmasdan berilganda aholi maishiy bochkada tindirib ishlatib ko‘rdi. Natija shuki, 8-10 marta suv tindirgan bochkangizdan laxta-laxta loyqa olib tashlaysiz.