22:44 / 12.09.2017
10040

«Bavariya»ga yangi murabbiy «topildi»

«Hoffenhaym» jamoasi bosh murabbiyi Yulian Nagelsmann kelgusida «Bavariya»da ishlashni istashini yashirmayapti. 30 yoshli bu mutaxassis Myunxen klubida ishlashdan baxtiyor bo‘lishi haqida gapirgan.

Biroz oldinroq qishda «Bavariya»ning  hozirgi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti Xitoy klublaridan biriga yo‘l olishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. Italiyalik mutaxassisning o‘zi esa bunday xabarlarni rad etgan va ularni «qandaydir hazil» deb atagan.

«Bavariya» mening orzularim qatorida. Men ko‘p yil davomida Myunxenda yashaganman, bu shahardan uzoq bo‘lmagan Landsberg-am-Lex shaharchasida tug‘ilganman. Tez orada rafiqam bilan shu shaharchaga ko‘chamiz», – degan Nagelsmann Eurosport kanali efirida.
 
«Agar men «Bavariya» murabbiyi bo‘lsam, baxtdan o‘lsam kerak. Men shunday ham baxtiyorma, ammo «Bavariya» meni yanada baxtiyor qilgan bo‘lardi. Ammo bu mening hayotimdagi muvaffaqiyatlar «Bavariya» bilan bog‘liq bo‘ladi, degani emas», deydi u.

Nagelsmann 2016 yil fevralida «Hoffenhaym» murabbiyiga aylangandi. U birinchi mavsumda jamoani quyi ligaga tushib ketishdan asrab qoldi, keyingi mavsumda esa jamoasi bilan YeChLga yo‘llanma uchun kurashni davom ettirish huquqini beruvchi to‘rtinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Jamoa o‘tish o‘yinlarida «Liverpul» to‘sig‘idan o‘ta olmadi.

Top