Jahon | 00:17 / 13.09.2017
14271
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda benzin va dizelli dvigatellarga taqiqlov joriy etilmoqda: benzin narxi nima bo‘ladi?

Foto: Simon Lim / Reuters

Ayni paytda jahonda neftga bo‘lgan talabning 57 foizi transport iste'moli ortidan kelib chiqmoqda, deyiladi OPEC ma'lumotlarida. Xitoy hukumatining tashabbusi neft bozorini qay ahvolga soladi? Forbes shu haqidagi ma'lumotlari bilan bo‘lishdi.

Sanoatning gurkirab o‘sishi va avtomobillar sonining keskin ortishi shusiz ham og‘ir ahvolda bo‘lgan Xitoyning yirik shaharlari ekologik holatini yanada murakkablashtirmoqda. Hukumat havoning ifloslanishi, iqlimning o‘zgarishi va neft importidan jiddiy tashvishga tushmoqda. Xitoy sanoat va informatsion texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Sin Guobinning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy ushbu masalaning yechimi sifatida benzin va dizel yonilg‘isida yuradigan avtomobillardan to‘liq voz kechmoqchi. 

Jahonning hajm jihatidan ikkinchi iqtisodiyoti hisoblanuvchi Xitoy benzin va dizel yonilg‘isida harakatlanuvchi avtomobillardan bosqichma-bosqich voz kechishni niyat qilgan boshqa davlatlar qatoriga qo‘shildi. Fransiya, Buyuk Britaniya, Ispaniya va Germaniya mamlakatlari 2030–2040 yillarni ichki yonuv dvigateliga ega avtomobillardan to‘liq voz kechish davri sifatida belgilagan. Hindiston ham 2030 yilgacha shunday taqiqlovni joriy etishni ko‘rib chiqmoqda. 

Xitoy va xorijiy avtomobil kompaniyalari Xitoyda foydalanish uchun elektromobillar va gibrid qurilmali mashinalar ishlab chiqarishi mumkin bo‘ladi. Gibrid avtomobillarda hammaga ma'lum bo‘lgan ichki yonuv dvigateli elektrodvigatel va batareyalar bilan jihozlanadi. An'anaviy dvigatellardan to‘liq voz kechish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Taqiqlovning boshlanish sanasi hozircha ma'lum qilinmadi. Faqat shunisi ma'lumki, Xitoy elektromobillar uchun majburiy kvotalar joriy etishga hozirlik ko‘rmoqda. 

Xitoy bunday avtomobillarni ishlab chiqarishni subsidiyalar orqali rag‘batlantiradi va mashinalarni sotib olganlar uchun ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini osonlashtiradi. Ma'lumotlarga ko‘ra, 2016 yilda Xitoyda 265 ming yangi elektromobil sotilgan — bu esa, Yevropa Ittifoqi va AQShni qo‘shganda ham ulardan ko‘p degani. Taqqoslash uchun, 2016 yilda butun Yevropada 116 mingta shunday avtomobil sotilgan. 

Elektromobillar va gibrid avtomobillarning sotuvdagi ulushi 2018 yilning oxirigacha 8 foizga, 2020 yilda 12 foizga, 2025 yilda esa 20 foizga yetishi mumkin. Shunday qilib, sakkiz yildan so‘ng Xitoydagi har bir yangi avtomobil ekologik toza bo‘ladi.

Bloomberg tahlilchilarining prognoziga ko‘ra, 2025 yilga borib, elektromobillarning narxi benzin yo dizelda yuradigan avtolarniki bilan bir xil bo‘ladi. 2038 yilga borib, faqatgina benzin va dizelda ishlaydigan avtomobillardan ko‘ra elektromobillar ko‘proq ishlab chiqarila boshlaydi.

Mavzuga oid