18:00 / 13.09.2017
28268

MXX Namangandagi yer uchastkalari bilan bog‘liq firibgarlikni fosh etdi

O‘zbekistonda uy-joylar, xizmatlar va servis obektlari qurilishi, ayniqsa qishloq joylarda faol ravishda olib borilmoqda. Davlat darajasida millionlab kvadrat metr uy-joylarni qurish bo‘yicha dasturlar tasdiqlangan qator hujjatlar qabul qilindi. Kishilar imtiyozli ipoteka kreditlari orqali avvalgi orzulariga erishmoqda, qulay va zamonaviy uylarni sotib olishmoqda, o‘z bizneslarini ochishmoqda.

Yer uchastkalarini berish jarayoni ham takomillashtirilmoqda. Auktsion savdolar orqali qurilish uchun yer uchastkalarini sotish tartibi joriy etildi va davlat kadastr organlarining faoliyati tubdan qayta ko‘rib chiqildi. Byurokratiya va korrupsiyani bartaraf etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu yerda O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish idoralari turli xil soxta sxemalarni aniqlash va oldini olish bo‘yicha sa'y-harakatlarini birlashtirmoqda.

Kuni kecha Namangan viloyati MXX boshqarmasi Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari bilan birgalikda, muqaddam sudlangan, hozir esa ishsiz namanganlik 42 yoshli Ma'ruf Yo‘ldoshevni ashyoviy dalil bilan qo‘lga oldi, u yer uchastkalari bilan bog‘liq firibgarlikda ayblanmoqda.

Olingan ma'lumotlarga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxs Namangan shahri hokimiyatidagi go‘yoki aloqalari orqali yer uchastkasini ajratish va rasmiylashtirish masalasini hal qilishga va'da bergan. Buning uchun u 9,1 ming AQSh dollarini talab qilgan. Natijada, Yo‘ldoshev pulni olish vaqtida ashyoviy dalil bilan qo‘lga olindi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan Yo‘ldoshevga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi, tergov davom etmoqda.

Top