O‘zbekiston | 19:52 / 13.09.2017
79641
7 daqiqa o‘qiladi

«Holvani hokim yeydi, kaltakni ustoz». Trendda qanday mavzular?

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining diqqat-eʼtibori ikki hodisaga qaratildi. O‘tgan haftaning «xit mavzulari»ning birinchi qatorida osh bilan o‘rnatilgan rekord, odamlarning nafs ilinjidagi taloto‘pi va ur-yiqiti edi. Buni qarangki, mavzu zum o‘tmay butkul o‘zgarib ketdi. Hozir hamma o‘sha voqealarni unutib, Sirdaryo viloyati Sayxunobod tuman hokimi Nosirjon Egamberdiyevning maktab direktorlarini savalagani asosiy muhokama mavzusiga aylandi. Shu kuni Kun.uz saytida yana bir videolavha e'lon qilindi. Bu xizmat vazifasini bajarish vaqtida bemorning otasi tomonidan kaltaklangan shifokor Zafar Qayumov haqidagi voqea.

Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib, odamlarning dunyoqarashi, his-tuyg‘ulari, kayfiyati qanday ekanini ilg‘ash mumkin. Eng muhimi, odamlar bugun barcha demokratik jamiyatlarda bo‘lgani singari har bir voqeilikka u yoki bu darajada o‘z munosabatlarini bildirmoqda. Bu orqali mamlakatimizda ham fuqarolik jamiyatining muhim unsuri sifatida qaraladigan Jamoatchilik nazorati shakllanib boryotganini ko‘rsatmoqda. Tarmoqlar oralab, odamlarning eng qiziq va jo‘yali fikrlarini yig‘ib chiqdik.

Tarmoqlarga qarmoqlar: 

Abdulaziz Muborak: 
Holvani hokim yeydi,
Kaltakni ustoz...! 
(Bugungi kun maqoli!)

Sanjar Said: Bu audioni oxirigacha eshitishga toqatim yetmadi. Shifokorlarni davlat, ijro hokimiyati bir tomondan qiynayotgan bo‘lsa, xalq ikkinchi tomondan zo‘rlayapti. Bu qanday bedodlik, bu qanday zolimlik, bu qanday adolatsizlik?! Portal kimlarni himoya qilib, kimlarni jazolayapti? Qani ichki ishlar, qani prokuratura? O‘qituvchi bilan shifokorni himoya qiladigan mard qoldimi?

Abdulmajid Zayniddin o‘g‘li: Mana, nima uchun boks rivojlangan, fan rivojlanmagan! 

@udachnik__1:
-  Iye, domla,ko‘ziz ko‘karibdimi? 
- Ha, yaqinda mustaqillik bayrami bo‘luvdi... 
- Hechqisi yo‘q, konstitutsiya bayramigacha tuzalib ketadi..

Umida Aziz: O‘g‘lingiz hokim bo‘lishini istaysizmi? Unda uni yoshligidan qo‘l jangi va boks sport to‘garaklariga bering!!!

Shukurjon Islomov: Ayb zo‘ravon, hokimdamas, tarsaki yeb lallayib turgan direktorlarda. Ursa ur, so‘ksa so‘k, joningni olmaydi...

Feysbukdagi izohlardan: 
- Uzr, o‘rtoq vazir «paxta» haqida nima deya olasiz?
- Men xalq ta'limiga javobgarman, paxtani qishloq xo‘jaligi vaziridan so‘rang.
- A, o‘qituvchilar paxtaga chiqishi va talabalar paxta yig‘imiga jalb qilinishiga qanday qaraysiz? 
- Mehnat vaziridan so‘rang. Men Oliy va o‘rta maxsus ta'limi vaziriman.

Islomjon Qo‘chqorov: Birinchi aybing — o‘qituvchi ekanliging. Ikkinchi aybing — direktor bo‘lganing. Uchinchi aybing — hokim bo‘lmaganing...

Dima Qayum: Talablarga binoan qo‘shiqlar
Paxtaga chiqayotgan o‘qituvchilar uchun Ozodbek Nazarbekovni «Hokim qasam ichmaydi...» Iya, uzr! «Yigit qasam ichmaydi, yigitning so‘zi qasam!»
Kaltak yegan o‘qituvchilar talabiga binoan: «Kimligini aytmayman!» (Oxunjon Madaliyev)
Kaltak yegan doktor uchun: «Bos, bos, qamchi bos!» (Hosila Rahimova)
Dollar sotib, naqd dollar sotib ololmayotganlar uchun: «Afsusdaman» (Manzura)
Qora bozorchilar talabiga binoan: Ozodbek ijrosida «Kechir» qo‘shig‘i!
Yo‘lar asfalt bo‘ladi, deb va'da berib, lekin bajarmaganlar talabiga binoan: «Shahzod» guruhidan «O‘ynaysan» qo‘shig‘i.
Chiroq-gazchilar talabiga binoan: Yu.Usmonova  va T. Sodiqov «Undan nimam kam».

Muslim Mirzajonov:Toshkent tibbiyot akademiyasi va Pedagogika bilim yurtlariga «Jang san'ati» degan kurs qo‘shish kerakka o‘xshaydi...

Aziza Qurbonova: O‘qituvchi... Qo‘li qadoq, yuzi chandiq o‘qituvchi... Qachon seni kimligingni tushunib yetarkanmiz?

Olmosiy: Agar shifokor birinchi yordam ko‘rsata olmasa, undan xafa bo‘lib yurmang. O‘sha dars paxta dalasida o‘tilgan bo‘ladi.

Boburshax Ikromov: Sen direktorlar bilan hali paxtada gaplashaman! (Sayxunobod tumani hokimi)

Said Komil Xolxo‘jayev:
Hurmatli Sevastopol okrug gubernatori!
Bizkim, Maorif ministrligining okrug bo‘limi vakillari, avvaldan bizdan ajrab ketgan va o‘zini ko‘cha supurishga baxshida etgan ustozlardan o‘rnak olgan holda o‘zimizni okrugning har qanday ishlariga tan mahramlikka baxshida kildik. Go‘shtimiz sizniki, suyagimiz go‘rniki.
Hurmat bilan,
Sevastopol okrug xalq maorifi boshqarmasi xodimlari.

Farida Mahkamovna:
Aslida, o‘qituvchini so‘kish, haqoratlash, kerak bo‘lsa, do‘pposlash, afsuski, jamiyatimiz uchun yangilik emas. Dadam qirq yil o‘qituvchilik qildilar. Shu davrda ma'lum muddat maktab direktori ham bo‘lganlar. Lekin 5 yil ishlar-ishlamas, bu lavozimdan o‘z xohishi va qat'iy talabi bilan bo‘shaganlar. Buning sababini hech kimga izohlamadilar ham. Faqat onam va biz, farzandlari bilardik. Dadam dam tuman, dam viloyat miqyosidagi uzzu kun yig‘ilishlardan, majlisbozliklardan bezor bo‘lgan, ayniqsa, paxta terimi mavsumida yarim tunda tuman hokimining do‘q-po‘pisasiyu ur-ho-urlari bilan o‘tadigan uzluksiz boshog‘riqlardan asabiy bo‘lib qolgan edi. «O‘qituvchining qadri yo‘q-da!», der edilar.
Ha, o‘qituvchining qadri hozir ham yo‘q. Yo‘qsa, mansabning yukini ko‘tara olmagan...lar shu kasb egalariga qo‘l ko‘tararmidi?!
O‘qituvchi xor bo‘lsa, sha'ni oyoqosti qilinsa, bu — ma'naviy tanazzul demak. Ma'naviy tanazzulga uchragan xalqni nimalar kutadi? Nahot, undan qutula olmasak?
O‘ylayapman, zo‘ravon hokim jazolanarmikan yoki bu voqeani yashirin (shubhasiz!) tasvirga olgan, ijtimoiy tarmoqlarimizda shov-shuvni keltirib chiqarganlar boshida tayoq sinarmikan? Buyog‘ini endi kutamiz!!!

Mavzuga oid