Sport | 20:36 / 13.09.2017
10293
2 daqiqa o‘qiladi

Transferlar oynasi vaqtida kim qancha sarfladi?

Foto: Goal

Yozgi transferlar vaqtida milliy chempionatlar sarflagan pullar miqdori ma'lum bo‘ldi. Bu haqda FIFAning rasmiy hisobotida ma'lumot berilgan.

Transfer Matching System (TMS) ma'lumotlariga ko‘ra, birinchi o‘rinni Angliya premer-ligasi jamoalari egallashdi. Tumanli Albion vakillari yozgi transferlar vaqtida jami 1,4 mlrd dollar (1,1 mlrd yevro) sarf qilishdi. Shu bilan birga 17 klub 20 mln dollardan ko‘proq mablag‘ ishlatdi. Qolgan mamlakatlarda bu 20 mln dollardan ortiq sarflagan jamoalar soni 9tadan oshmagan.

Jadvalda Angliyadan keyingi o‘rinni Ispaniya chempionati egallab turibdi (752, 3 mln dollar), 3-o‘rinda Fransiya (604,1 mln. dollar). Bu fransuzlarning o‘tgan yilgi ko‘rsatkichiga nisbatan 250 foizga ko‘proq degani. Butun boshli 2016 yilda amalga oshirilgan transferlardan esa bu 191 foiz ko‘proq ko‘rsatkich ekanini ko‘rsatadi. 4-5 o‘rinlarni mos ravishda Germaniya ( 519 mln dollar) va Italiya (506,8 mln dollar) chempionatlari egallagan.

6-o‘rinda Rossiya chempionati joylashgan bo‘lib, mamlakatda amalga oshirilgan 120 xarid uchun 129 mln dollar (taxminan 107,7 mln yevro) sarf etilgan. Rossiyadan keyingi o‘rnida Turkiya – 198 transfer uchun sarf 115,9 mln. dollarga teng.

Umuman olganda 2017 yilning 1 iyundan 1 sentabrga qadar bo‘lgan muddatda butun dunyo bo‘yicha 7590 xalqaro transfer savdolari kuzatilgan. Sarflangan pullar jami bo‘lib 4,71 mlrd dollarga (3,9 mlrd yevro) yetgan. Uch oy davomida jamoalar 2016 yilning to‘liq davrida amalga oshirilgan transfer miqdoricha xarajat (4,79 mlrd dollar) qilishga ulgurgan.

Mavzuga oid