O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktab-internatini va «Astronomiya va aeronavtika» bog‘ini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat matnini O‘zA e'lon qildi.

Hujjatga keltirilgan sharhda aytilishicha, astronomik tadqiqotlar ildizi O‘zbekistonda uzoq o‘tmishga borib taqaladi. O‘zbekiston hududida miloddan avvalgi birinchi ming yillikda qishloq xo‘jaligi ishlarining muddatlarini belgilashda Quyosh, Oy va sayyoralarning harakatlanish qonuniyatlariga doir chuqur bilimlar asosida tuzilgan taqvimlardan foydalanadigan dehqonchilikka ixtisoslashgan rivojlangan tarixiy-madaniy markazlar faoliyat ko‘rsatgan. Astronomiya fan sifatida o‘rta asrlarda jadal sur'atlarda rivojlandi. Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayxon Beruniy, ayniqsa, Mirzo Ulug‘bek kabi o‘rta asrlar buyuk mutafakkirlarining matematika va astronomiyaning rivojlanishiga qo‘shgan ulkan hissasi butun jahon hamjamiyati tomonidan e'tirof etilgan.

Astronomiya fanining kelgusida yanada taraqqiy etishi iqtidorli yoshlar orasidan malakali kadrlarni tayyorlash samaradorligini oshirish talab etilishini inobatga olib, o‘sib kelayotgan yosh avlodni xalqimizning astronomiyani o‘rganishdagi buyuk an'analari ruhida tarbiyalash, iqtidorli yoshlarning astronomiya va aerokosmos faoliyati sohasidagi milliy va dunyo ilm-fanining yangi yutuqlarini o‘rganish va o‘zlashtirishga bo‘lgan ishtiyoqini rivojlantirish, yoshlarning aerokosmik fan va texnika asoslarini egallashi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktab-internatini va «Astronomiya va aeronavtika» bog‘ini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan Astronomiya instituti qoshida matematika, astronomiya, fizika va informatika fanlarini chuqur o‘rgatishga ixtisoslashtirilgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktab-internati tashkil etiladi. Maktabda 200 nafar o‘quvchi tahsil olishi hamda va 150 o‘rinli turar joy binosi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Qurilish-ta'mirlash ta'lim muassasasini jihozlash ishlari O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil Investitsiya dasturi doirasida Moliya vazirligi huzuridagi byudjyetdan tashqari Ta'lim va tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Buyurtmachi sifatida Toshkent shahar hokimligining «Yagona buyurtmachi» injiniring kompaniyasi belgilangan bo‘lib, barcha qurilish-ta'mirlash ishlarini 2018 yil 1 avgustiga qadar yakunlash rejalashtirilgan.