10:40 / 17.09.2017
7499

Suriya armiyasi Deyr-az-Zorning bir qismini IShIDdan ozod etdi

Suriya armiyasi va ittifoqchi kuchlar Deyr-az-Zor janubi-sharqidagi hududlarni ozod qildi. Bu haqda RIA Novosti shaharni qamal qilib turgan kuchlar shtabidagi manbaga asoslangan holda xabar bergan.

«Armiya Frotga harakatlanib, Mariiya va Xuveyjat Mariiya tumanlarini ozod qildi. Jangarilar aviabazalardan uzoqqa surib tashlandi», — degan agentlik suhbatdoshi. U jangarilar Mayadin tomonga qochgani, ularning yana bir qismi Frotni suzib o‘tib, Deyr-az-Zorning shimolidagi hududda yashiringani haqida qo‘shimcha qilgan.

14 sentabr kuni Rossiya Suriyada IShIDga qarshi amaliyotlarni yakunlashga kirishgani haqida xabar qilingandi.

Ikki kun muqaddam rossiyalik harbiylar jangarilar Suriyadagi hududlarining 85 foizini yo‘qotgani haqida hisobot qilgandi.

Avgust oyi oxirida Suriya armiyasi Deyr-az-Zorga boradigan yo‘ldagi mudofaani yorib o‘tib, shaharni qamal qilgandi. Uch yildan buyon ushbu shahar jangarilar qo‘lida.

Suriyada 2011 yildan buyon prezident Bashar Asadga qarshi harakatlar davom etmoqda. Ziddiyat fuqarolar urushiga aylangan, mamlakat hududi turli kuchlar tomonidan bo‘lib olingan.

Top