10:58 / 18.09.2017
28876

Ekspert: Valyutaning norasmiy kursi vaqt o‘tishi bilan yo‘qolib ketishi kerak

Foto: KUN.UZ

Valyuta siyosatini liberallashtirish — ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning muhim sharti. Shu ma'noda, bugungi kunda yurtimizda o‘zbek so‘mi barqarorligini ­mustahkamlashning yangi mexanizmlarini joriy etish qizg‘in muhokama qilinayotgan dolzarb mavzulardan ­biriga aylandi.

Iqtisodiy tadqiqotlar markazi bosh ilmiy xodimi Ashurali Xudoynazarov mazkur sohadagi o‘zgarishlar haqida so‘zlab berdi.

— Milliy valyuta mamlakat iqtisodiyoti barqarorligini ta'minlashning muhim omili hisoblanadi, — deydi A. Xudoynazarov. — Iqtisodiyotni isloh etishda asosiy e'tibor tashqi kreditlar va zayomlarni jalb qilishga emas, balki mahalliy ishlab chiqarish, mamlakatning eksport salohiyatini oshirishga, milliy valyuta — so‘mning barqarorligini ta'minlashga qaratildi. Bunda ichki bozorni o‘zimizning mahsulotlar bilan to‘ldirish orqali so‘mning ­iste'mol quvvatini mustahkamlash, pul-kredit siyosatining izchilligiga, ichki bozorda iste'mol tovarlari hamda pul mablag‘larining mutanosibligiga ­erishish diqqat-eʼtiborda bo‘ldi.

Ilgari, 90-yillarning oxirida ko‘p tarmoqli va barqaror iqtisodiyotni shakl­lantirish bo‘yicha belgilab olingan vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda biz uchun yangi bo‘lgan sohalarga xorij investitsiyasi zarur edi. Dastlab sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida mashina hamda jihozlar import qiluvchilarga imtiyoz va preferensiyalar joriy etildi. Oltin-valyuta zaxiralaridan manzilli foydalanish kerak edi-da. Shuning uchun ham milliy valyutaning rasmiy kursi ushlab turilardi. Shunday qilib, import tarkibida mashina hamda jihozlar ulushi 40 foizgacha ko‘tarildi, bir-necha o‘n yillar davomida 40 — 45 foiz darajasida saqlanib turdi. Aynan ushbu yondashuv natijasida so‘nggi yillarda O‘zbekistonda avtomobilsozlik, neft-kimyo, elektrotexnika singari sanoatning butunlay yangi tarmoqlari paydo bo‘ldi. Natijada mamlakatimiz yalpi ichki ­mahsuloti tarkibida sanoatning ulushi 32-33 foizni tashkil etayapti. Vaholonki, ayrim ekspertlar davlat muayyan qiyosiy ustuvorlikka ega bo‘lgan sohalarda ishlab chiqarish ­bilan shug‘ullanishi kerak, degan fikrni aytishadi.

So‘nggi yillarda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi sub'yektlarni qo‘llab-quvvatlash siyosatidan ko‘zlangan maqsadga erishildi. Qiyosiy ustuvorlik yaratildi, chet el ­investitsiyasini jalb qilish sur'ati esa turg‘unlashib qoldi. O‘zbekistonda valyuta konvertatsiyasi masalasida bir guruh investor-importyorlar, yirik loyihalar tashabbuskorlarigina imtiyoz hamda ­preferensiyalardan foydalanayotgandi. Ular ­aslida o‘sha davrda ustuvor bo‘lgan tarmoqlarni rivojlantirish bilan ­bog‘liq edi.

Bugun investorlarning hammasi uchun bir xil sharoit yaratish davri keldi. Agar mamlakatda erkin iqtisodiyot ­tamoyillari amal qilmasa, sarmoyador kiritgan kapitalini o‘z Vataniga qaytarib olib keta olmasa, unga bunday hamkorlikdan naf yo‘q.

Valyuta cheklovlari umuman tashqi iqtisodiy faoliyatga, jumladan, eksportni rivojlantirishga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Alaloqibat, eksportyorlar chet el valyutasida foyda ko‘rishga ishonmasdan, tushumlarni tijorat banklariga milliy valyutaning rasmiy kursida topshirmaslikka harakat qilishadi. Bunda hisob-fakturalarda narxlarni manipulyatsiyalashtirish orqali turli “sxemalar” o‘ylab topiladi.

O‘zbekiston iqtisodiy salohiyatda sobiq ittifoq mamlakatlaridan ­qolishmaydi. Ammo O‘zbekistonga jalb etilayotgan investitsiyalar hali ham yetarli emas. Prezidentimizning ­“Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul ­qilinishi bilan chet ellik inves­torlarga eshiklar keng ochilib, barcha uchun teng imkoniyatlar yaratib berildi.

Bu — iqtisodiyotda o‘ta muhim qadam. Buning samarasi tufayli yaqin kelajakda yuzlab zamonaviy korxonalar, yangi ishlab chiqarish quvvatlari ­faoliyati yo‘lga qo‘yiladi, ko‘plab ish o‘rinlari tashkil etiladi, raqobat muhiti kuchayadi. Zero, valyuta siyosatini liberallashtirish yangi resurslarni ishga solish, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish hamda iqtisodiyotni taraqqiy toptirishning porloq istiqbolini yaratish uchun qulay shart-­sharoit demakdir.

— Yana qanday o‘zgarishlar yuz berishini kutishimiz mumkin?

— Farmon, eng avvalo, eksportchi korxonalar uchun ulkan imkoniyatlarni beradi. Xususan, mulkchilik shaklidan qat'i nazar, tashqi savdo ­faoliyati barcha ishtirokchisining chet el valyutasidagi tushumini majburiy sotish bo‘yicha talab bekor qilindi. Chet el valyutasida daromad oluvchi yuridik shaxs tashkil etmasdan faoliyat ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar, shuningdek, fermer xo‘jaliklari o‘z bank hisobvaraqlaridagi chet el valyutasini naqd ko‘rinishida olishlari mumkin. Yuridik shaxslar joriy xalqaro operatsiyalar, ya'ni tovar, ish va xizmatlar importi, foyda repatriatsiyasi, kreditlarni qaytarish, xizmat safari xarajatlarini to‘lash hamda savdo xarakteriga ega bo‘lmagan boshqa o‘tkazmalar bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish uchun tijorat banklaridan chet el valyutasini cheklovsiz sotib olishlari imkoniyati yaratildi. Bu biznes hamjamiyatiga taqdim qilinayotgan qulay omillardan kichik bir misol, xolos.

Albatta, xorijdan rasmiy kurs bo‘yicha olib kelinadigan mahsulotlarning narxi oshishi ehtimoli yo‘q emas. Chunki dollarning rasmiy kursi ko‘tarilishi bilan import sarf-xarajatlari ham ortadi. Shu sababli Farmonda iqtisodiyot tarmoqlariga davlat tomonidan moliyaviy yordam berish, soliqqa tortish mexanizmlari va tamoyillarini takomillashtirish, davlat tomonidan vaqtincha subsidiyalar ajratish, bojxona to‘lovlari stavkalarini optimallashtirish singari chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. Bularning barchasi salbiy oqibatlarni yumshatishga xizmat qiladi.

To‘liq mahalliylashtirilgan ­ishlab chiqarish korxonalari esa eks­portni kengaytirishni o‘ylab ko‘radigan vaqt keldi. Chunki eksportchilar so‘mning devalvatsiyasidan yutishadi. Masalan, so‘nggi yillarda mahalliy sement ishlab chiqaruvchilar nafaqat ichki bozorni ushbu qurilish ashyosi bilan to‘liq to‘ldirish, ayni paytda eksport qilish ­quvvatiga ham ega bo‘ldi. Keyingi 10 yilda mamlakatimizda sement tayyorlash hajmi 3,2 million tonnadan 8,25 million tonnaga ortdi. Dollarning rasmiy kursi so‘nggi yarim yilda oshganiga qaramasdan, sement narxi uzluksiz tushib bordi. Bu ham tashqi bozordan xaridor izlash uchun o‘ziga xos ishora. ­Maishiy texnika vositalarini ishlab chiqaradigan “Artel” kompaniyasi Yevropa bozorlarida raqobat qilishga qodir, “Akfa” kompaniyasi o‘z mahsulotlarini muvaffaqiyatli ravishda eksport qilayapti, o‘zbek avtomobillari esa xorijlik iste'molchilar mehrini qozongani bugun ko‘pchilikka ma'lum. Bunday misollarni yana ko‘plab ­keltirish mumkin.

— O‘zbekiston dunyo iqtisodiy jarayonlarining faol ishtirokchisi. Valyuta siyosatini liberallashtirish boshqa mamlakatlarda qanday kechgan?

— Agar jahon tajribasiga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, shuni qayd etish kerakki, mamlakatlar tomonidan tanlab olingan yo‘llar turfa xil. Valyuta siyosatining davlat tomonidan tartibga solinishi salbiy oqibatlarga olib kelgan yoki ijobiy natijalar keltirgan qator ­misollar mavjud.

Bir necha valyuta kurslari ­birinchi marta oltin monometallizmi va valyuta cheklovlari joriy qilinganidan so‘ng 1929 — 1933 yillardagi Buyuk tushkunlik davrida qo‘l­lanilgan.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng ko‘plab mamlakatlar — XVJ a'zolari tashkilot ustaviga xilof ravishda ko‘plab valyuta kurslarini amalda qo‘llashgan. Masalan, ­Fransiyada o‘nta valyuta kursi amal qilgan. O‘tgan asrning 60-yillari o‘rtalarigacha Turkiyada oshirilgan rasmiy kurs bilan bir qatorda, differentsiyallashgan boshqa kurslar ham o‘rnatilgan: import bo‘yicha kurs; mis importi bo‘yicha kurs; uzum va yong‘oq eksporti bo‘yicha kurs; boshqa tovarlarni eksport qilish bo‘yicha kurs.

Mamlakatlar tomonidan milliy valyutaning kursini muayyan tovarlar yoki operatsiyalar bo‘yicha oshirish ­ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulot­larning importini arzonlashtirish, tashqi qarz bo‘yicha real to‘lovlarni qisqartirish, bir qator tovarlar ­eksportini cheklash maqsadida ­qo‘llanilgan.

Agar mamlakat to‘lov balansining joriy operatsiyalari bo‘yicha valyuta cheklovlarini bekor qilgan bo‘lsa hamda uning boshqa valyutalarga almashuviga xalaqit bermasa, valyuta konvertatsiya qilinadigan valyuta deyiladi. XVJ ustavining o‘sha payt­dagi talablari moliyaviy operatsiya­larga qo‘llanilmas edi. Faqatgina 70-yillarning o‘rtalaridan qariyb 20 yil davomida mamlakatlar o‘z ­valyutalarining moliyaviy opera­tsiyalarga ham konvertatsiya qilinishiga o‘ta boshlashdi. Bu jarayonda aksariyat davlatlar kursning jadal tushib borishini emas, balki uning barqarorligini ta'minlaydigan yo‘lni tanlashgan.

Dunyoda valyuta rezervlaridan foydalanishda nafaqat joriy operatsiyalar, balki chet el kapitallari, ya'ni moliyaviy operatsiyalar bo‘yicha ham nazorat o‘rnatilgan ­misollar bor.

Deylik, Osiyo moliyaviy inqirozi davrida Malayziya Bosh vaziri ­Maxatxir Muhammad 1998 yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti
7 foiz pasaygach, moliyaviy operatsiyalar bo‘yicha konvertatsiyani yopdi. Shuning uchun ham vahimaga tushib qolgan sarmoyadorlar o‘z mablag‘larini olib chiqib keta olishmadi. Davlat rahbarining ushbu qarori dunyo hamjamiyati uchun kutilmagan qaror bo‘ldi. Ekspertlar uning eng salbiy oqibatlari haqida bong ura boshlashdi. Emishki, investorlar ushbu mamlakatni butunlay tark etishi mumkin. Ammo vahimali prognozlarga qaramasdan, Malayziyada iqtisodiy pasayish to‘xtadi, mamlakat yalpi ichki mahsuloti kelasi yilning o‘zida 6 foiz o‘sdi. Vaholanki, mintaqadagi davlatlarda, jumladan, ­Tailand, Janubiy Koreya, Indoneziya, Singapurda iqtisodiy tanazzul hali ham davom etar edi. Oradan ko‘p o‘tmay, ya'ni iqtisodiyot yana o‘sishga chiqqach, Malayziyada chet el kapitali harakatlari ustidan nazorat olib tashlandi. E'tiborlisi, valyuta rezervlari mamlakatdan chiqib ketishi o‘rniga ularning ko‘payishi kuzatildi. Bu siyosiy iroda, xatarli qadam edi. Ammo pirovardida o‘zini oqladi. Natijada Xalqaro valyuta jamg‘armasi ekspertlari Maxatxir Muhammadning qarorini o‘z vaqtida qabul qilingan qaror, deb baholadi.

Juda ko‘plab mamlakatlarda import o‘rnini bosish siyosati, odatda, valyutaning konvertatsiya qilinishini cheklash siyosati bilan birga olib boriladi. Misol uchun, o‘tgan asrning 60-yillarida Ganada YaIMning jon boshiga real hajmi taxminan 200 dollarni tashkil qilardi. Koreya Respublikasida esa bu ko‘rsatkich 100 dollardan ham oshmasdi. O‘sha paytlarda mazkur mamlakatda ­faqatgina guruch yetishtirilar edi. Eli Xeksher va Bertil Olin ­singari Nobel mukofoti ­sovrindorlari bo‘lgan mashhur ­iqtisodchilar nazariyasiga ko‘ra, ­Janubiy Koreya guruch yetishtirishga ixtisoslashtirilishi kerak edi. ­Televizor, muzlatkich, ayniqsa, avtomobil ishlab chiqarish ular uchun emas edi. Ammo ushbu mamlakat hukumati o‘z valyuta zaxirasini aynan import qilinadigan sanoat mahsulotlarini mahalliylashtirishga hamda ta'lim tizimini rivojlantirish, ya'ni inson kapitalini to‘plashga qaratdi. 80-yillarning oxiriga kelib, Koreya Respublikasining yalpi ichki mahsuloti hajmi aholi jon boshiga qariyb 5000 dollarga yetdi. Ganada esa avvalgidek erkin iqtisodiyot tamoyili amal qilardi. YaIMning ko‘rsatkichi esa, bor-yo‘g‘i, 400 dollarga yetdi. Bugun esa Janubiy Koreyaning yalpi ichki mahsuloti jon boshiga o‘rtacha qariyb 30 ming dollarni tashkil etadi.

— Mamlakatimizda shu kunga qadar valyuta kursining bir ­nechta rasmiy va norasmiy kursi amal qilardi. Kurslarni bir xillashtirish nima beradi?

— Tijorat banklarining valyuta ayirboshlash shoxobchalaridagi ­kursni shakllantirish uchun valyuta bozoridagi real talab hamda taklif asos bo‘lib xizmat qiladi. U banklararo naqdsiz operatsiyalar bo‘yicha kursdan farq qilishi mumkin. Valyuta ayirboshlash shoxobchalaridagi kursga keladigan bo‘lsak, rivojlangan mamlakatlarda u banklararo naqdsiz operatsiyalar ­bo‘yicha kurs asosida minimal ­marja bilan o‘rnatiladi. Naqd mablag‘lar ulushi aylanmada qancha ko‘p bo‘lsa, ayirboshlash kursi bank­lararo kursdan shunchalik farqlanadi. Shuning uchun ham mamlakatimizda kurslar o‘rtasida farq ­sezilarsiz darajada bo‘lishi uchun naqdsiz hisob-kitoblarga katta e'tibor qaratilmoqda. Valyutaning norasmiy kursi vaqt o‘tishi bilan yo‘qolib ketishi kerak. Bunga obektiv sabablar, ya'ni ­bozor mexanizmlarini joriy etish orqali erishish lozim. Ushbu kurslar o‘rtasida keskin ­farqlar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik juda ­muhim. Bugungi kunda mazkur farq eng quyi darajaga yetkazildi.

Dildora Raupova
suhbatlashdi.

Mavzuga oid
Top