Dam olish kunlari Angliya chempionatida 5-tur uchrashuvlari o‘tkazildi. Mavsumni ko‘tarinki ruhda boshlagan «Manchester Siti» va «Manchester Yunayted» bu turda ham yirik g‘alabalarga erishdi va turnir jadvalini birgalikda boshqarishni davom ettirishdi. «Tribuna» turning asosiy voqealarini keltiradi.

MANCheSTeR UChUN ATALGAN TUR

Top-6 deb o‘rganib qolganimiz to‘rt jamoa bu safar ochko yo‘qotdi. «Tottenhem» o‘z maydonida «Suonsi» darvozasiga 20dan ortiq zarba berib, birorta ham gol ura olmagan bo‘lsa, «Liverpul» undan kam bo‘lmagan ustunlik bilan «Byornli»ni yenga olmadi. «Arsenal» va «Chelsi» esa o‘zaro o‘yinda durang o‘ynashdi. 

Bu holatdan Manchesterning ikki klubi ajoyib tarzda foydalandi. Har ikki jamoa ham u qadar kuchsiz bo‘lmagan raqib ustidan yirik hisobda g‘alaba qozondi. Ikki jamoa birgalikda 10 gol urishdi, bu 5-turda kiritilgan gollarning qariyb yarmidir.  

«MOUR-TIME»

Ilgari «MYu» muxlislari orasida «Fergie Time» atamasi ko‘p ishlatilardi. Ser boshqaruvidagi jamoa so‘nggi daqiqalarda raqib darvozasini ishg‘ol qilib, g‘alabani ilib ketgan paytlar ko‘p bo‘lgan.
Ushbu mavsumda APLda o‘tkazilgan o‘yinlarning so‘nggi 10 daqiqasida jami 24 gol urilgandi. Qizig‘i, bu gollarning 9tasi, ya'ni 38 foizini «Manchester Yunayted» futbolchilari urgan. 

«CheLSI» KARTOChKALAR GIRDOBIDA

O‘yin oldidan «Chelsi» ustozi Antonio Konte - «Umid qilamanki, jamoa o‘yinni to‘liq tarkibda tugatadi», – deb yuborgandi. Italiyalik murabbiy niyatiga yetisha olmadi, 87-daqiqada David Luiz Kolashinatsga ishlatgan qo‘polligi tufayli maydondan chetlatildi. 

Bu «Chelsi»ning mavsumdagi 3-qizil kartochkasi edi. Londonliklardan Gari Keyxill va Sesk Fabregas 1-turda maydondan chetlatilgan edi. Umuman sariq kartochkalar borasida ham «Chelsi»ning ahvoli yaxshimas – Konte shogirdlari besh turda 10 marta ogohlantirish olishgan – ligada uchinchi ko‘rsatkich.