14:40 / 18.09.2017
53426

Talabaning Prezidentga maktubi: Yoshlarning chetga chiqishini oldini olish va agrobiznesni rivojlantirishga doir tashabbus

Foto: President.uz

Assalomu alaykum, Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Bugungi kundagi Sizning rahbarligingizda respublikamizda olib borilayotgan barcha islohotlar xalqning farovon turmush kechirishi, respublikamizning yanada gullab yashnashi va xalqaro hamjamiyatdagi  mavqeini oshishini ta'minlashga qaratilgan bo‘lib, bu islohotlar albatta o‘z samarasini berishiga xalqimizda yuksak ishonch uyg‘onmoqda.

Ushbu taklif etilayotgan loyihaning ham asosiy maqsadi respublikamizda qishloq xo‘jaligi tizimida va shu bilan bog‘liq holda xalq iste'moli mahsulotlarini qayta ishlash sohasida islohotlarni amalga oshirish, o‘z navbatida, bunda yoshlarning imkoniyatlaridan keng foydalanish, ularni ish o‘rinlari bilan ta'minlash, hayotimizning barcha jabhalarida ularning ishtirokini yanada kengaytirishga  qaratilgandir.

Ehtimol, bu loyiha qaysidir jihatlari bilan avvalgi davlat, jamoa xo‘jaliklarini takrorlaganday bo‘lishi mumkin, lekin uning tub mohiyati aslida boshqacha va u ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lib, bozor iqtisodiyotiga moslashtirilgan.

Loyiha:  “  _______  Agroyoshlar” fermerlik jamiyatlari

Muammoning dolzarbligi - bugungi kunda respublikamizda zaruriy qishloq xo‘jaligi texnikalariga ega bo‘lib, moddiy-texnika bazasini rivojlantirgan holda samarali faoliyat ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lgan fermer xo‘jaliklarimiz ko‘payib bormoqda. Albatta bu yaxshi natija. Lekin bu xo‘jaliklarimizning ko‘pchiligida oddiy ishchi, xizmatchilar uchun zarur moddiy sharoitlar yaratilmagan yoki sharoit yaratishni xohlasa ham, imkoni yo‘q. Ko‘p holatlarda ularning hatto ijtimoiy sug‘urtasi ham kafolatlanmagan, ya'ni ish stajlari rasmiylashtirilishi ham bir ahvolda va natijada kelgusida pensiya ta'minoti qanday bo‘lishi ham mavhum. Sir emaski, ba'zi holatlarda ayrim fermerlarimiz yerga mehr berib ishlashdan ko‘ra, uni haqiqiy dehqonlarga ijaraga berish bilan cheklanadi.

Keyingi yillarda keng ko‘lamda yerlarni optimizatsiyalash (qayta taqsimlash) ishlari olib borilmoqda. Katta yer maydonlariga ega fermer xo‘jaliklari yerlari mayda bo‘laklarga bo‘linib, boshqa fuqarolarga, dehqonlarga ham berilishi va imkoniyat yaratilishi kerak bo‘lsa-da, ayrim holatlarda fermerlar tomonidan me'yordan ortiqcha yerlarni o‘ziga tegishli shaxslar nomlariga o‘tkazib, natijada baribir o‘zlari boshqarish holatlari ham yo‘q emas. Xo‘jaliklarga tegishli bo‘lgan turli real, noreal qarzdorliklar ham aloxida mavzu. Bularning barchasi ham sog‘lom muhit hisoblanmaydi.

Bundan tashqari, kamroq yerga ega bo‘lgan hamma dehqonlarning har doim ham o‘z xo‘jaligini rivojlantirishga imkoni bo‘lavermaydi. Aksariyat hollarda ular tirikchiligini o‘tkazib, ro‘zg‘orni tebratish bilan cheklanadi, xolos.

Bu kabi holatlarni bartaraf etish, sohani yanada rivojlantirish hamda haqiqiy dehqonlar manfaatdorligini yanada oshirish maqsadida mavjud tizimni yo‘qotmagan holda, agrosanoat kompleksiga boshqa yangi tizim joriy qilish va bu tizimga fuqarolarning keng qatlamlarini, ayniqsa yoshlarni (dastlabki tashkil etishda ta'sischi sifatida 18 yoshdan 35 yoshgacha - aniqlik kiritilishi mumkin) jalb qilish va ularni samarali natijalarga erishishga ishontirish hamda o‘rgatish maqsadga muvofiq.  Chunki bu ish tizimli amalga oshirilmasa, birinchidan, minglab yoshlarimiz dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik va boshqa faoliyatni mustaqil boshlashga jur'at qila olishmaydi (Chunki, oddiyroq aytganimizda, gektarlab hosilga 1 kunda zararkunanda yopirilib barbod qilishi yoki yuzlab qo‘y yoki minglab parranda 1-2 kunda kasallanib, nobud bo‘lishi mumkin va hokazo). Ikkinchidan, jur'ati yetgani ham sohaga samarali ravishda kira olmaydi (Yer olish, moddiy-texnik ta'minlanish, faoliyatdagi rasmiyatchiliklar va hokazo).

O‘z navbatida, taklif etilayotgan tizim joriy qilinib, aholini ishontirsak, faoliyatni tashkillashtirishga tizimli tarzda yordam bersak, soha sirlaridan xabardor mutaxassislarni jalb qilib, maslahatlar berib ish yo‘lga qo‘yilsa, yerdan yanada unumli foydalaniladi va bugungi kundagiga nisbatan yanada ko‘proq fuqarolar manfaat ko‘rishiga erishiladi.

Loyihaning tarkibiy tuzilishi - dastlabki bosqichda, respublikaning har bir tumanlarida eksperiment tariqasida o‘rtacha 4-5 tadan "nomlanishi Agroyoshlar" fermerlik  jamiyatlari (Masalan, “Zarkent agroyoshlar” FJ) tashkil  etiladi. Ushbu fermerlik jamiyatlarining ta'sischilari 18 - 35 yoshli (aniqlik kiritiladi) yoshlardan iborat bo‘lib, jamiyat ta'sischilarining eng kam soni 20 kishidan, yuqori soni cheklanmagan bo‘ladi.

Moliyalashtirish manbalari va ta'sischilar - Dastlabki badalni bugungi kunda eng kam miqdori kamida taxminan 5 million so‘mdan (o‘zgarishi  mumkin) belgilash mumkin.  Har bir ishtirokchi o‘z ulushini naqd  yoki bank  kreditlari asosida shakllantiradi, ya'ni agar kredit hisobiga shakllantiradigan bo‘lsa, ta'sischi fuqaroga 3 tomonlama shartnoma (fuqaro, bank, fermerlik jamiyati) asosida 5 million so‘m (misol uchun) kredit ajratiladi va shu mablag‘ to‘g‘ridan-to‘g‘ri jamiyat Nizom jamg‘armasi hisobiga o‘tkaziladi.

Jamiyatning Nizom jamg‘armasini 10 foizini har bir tuman, viloyatda yangidan tashkil etiladigan "____ agroyoshlar uyushmalari" mablag‘lari yoki Yoshlar ittifoqi mablag‘lari hisobidan tashkil etish maqsadga muvofiq (Bu kelajakda ushbu jamiyatlarni birlashtirish va faoliyatini muvofiqlashtirish uchun ham zarur). Shu tariqa, Nizom jamg‘armasi kamida 100 million so‘mdan yuqori bo‘lgan aynan yoshlar ishtirokidagi fermerlik  jamiyatlari yuzaga keladi (Balki ishtirokchining ulushini keyinchalik ikkilamchi bozorda qayta sotilishida alohida tartib o‘rnatilishi mumkin bo‘lar).

Ishlovchilar tarkibi - Ushbu fermerlik jamiyatlarida kelgusida imkon doirasida cheklanmagan miqdorda yoshlar ishga qabul qilinishi mumkin. Ushbu jamiyatlarda ishlovchilarning kamida 70-75 foizini yoshlar tashkil etishini ko‘zda tutadigan tizim joriy qilish lozim. Qolgan 25-30 foizi tajribali ish o‘rgatuvchi, alohida  malakaga ega mutaxassislar va boshqa fuqarolardan iborat bo‘lishi mumkin.

Faoliyatning tashkil etilishi - Ushbu jamiyatlar respublikaning 168 tumanida bosqichma-bosqich tashkil etilib boriladi va yaqin 5-10 yil ichida juda ko‘p tarmoqli tizimli faoliyat ko‘rsatadigan agrosanoat kompleksiga aylanib boradi.

Dastlabki bosqichda ularga yer, yaylovlar ajratilib, dehqonchilik, bog‘dorchilik, parrandachilik, chorvachilik, baliqchilik va baholi qudrat qayta ishlash bilan shug‘ullanishga doir imkoniyat yaratiladi va ushbu fermerlik jamiyatlariga faoliyat yo‘nalishidan, ishlovchilar sonidan kelib chiqib yer, yaylov uchastkasi yoki faoliyat yuritishi uchun zarur inshootlar ajratilib, zarur masalalar yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatiladi.

Keyingi bosqichda, 4-5 yildan keyin ular qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash sanoatiga keng ko‘lamda kirib keladi.  Bunda ushbu fermerlik jamiyatlariga faoliyat yo‘nalishidan kelib chiqib yangi texnologiyalar va qayta ishlash faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy yordamlar ko‘rsatiladi.

Bu jarayonni hududlardagi viloyatlar tarkibidagi 30 ta shaharlarda ham qishloq xo‘jalik, go‘sht, sut va boshqa mahsulotlarni qayta ishlash sohalariga e'tibor qaratgan holda tashkil etish mumkin. Bunda viloyatlardagi shaharlarda tashkil etilgan fermerlik jamiyatlariga ham shaharga yaqin hududlardan faoliyat yo‘nalishi ehtiyojidan kelib chiqqan holda yer ajratilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Faoliyat boshqaruvi - Mazkur jamiyatlar faoliyatini nizomidan kelib chiqqan holda, jamiyat Kuzatuv kengashi qarorlari asosida mustaqil boshqariladi. Ularning ish faoliyatiga amaliy yordam berish va ularning manfaatlarini himoya etish maqsadida hududlarda "___agroyoshlar" fermerlik jamiyatlari uyushmalari va respublika bo‘yicha ularning markaziy tuzilmasi tashkil etiladi.

Hududlardagi hokimliklar, kredit muassasalari va boshqa mutassadi tashkilotlar tomonidan ular ishni boshlashi va o‘rganib ketishi uchun barcha sharoitlar yaratiladi va zarur hollarda ularga ish o‘rgatish maqsadida hududdagi eng tajribali dehqonlar, bog‘bonlar,  chorvadorlar, veterinarlar  va boshqa mutaxassislar maslahatchi etib biriktiriladi.

Jamiyat faoliyatining  dastlabki yillarida unga soliq va boshqa imtiyozlar berilishi va ushbu mablag‘larni faoliyat tarmog‘ini kengaytirishga sarflanishi maqsadga muvofiq. 

Faoliyat qamrovi -  dehqonchilik, bog‘dorchilik, parrandachilik, chorvachilik, quyonchilik, asalarichilik, baliqchilik faoliyatlari, shuningdek qishloq xo‘jaligi va boshqa mahsulotlarni qayta ishlash, qonunchilikda ta'qiqlanmagan boshqa faoliyatlar.

Jamiyatning foyda taqsimoti va namunaviy foizlar quyidagi tartibda bo‘lishi maqsadga muvofiq (o‘zgarishi mumkin):

                 1.  Jamiyat ta'sischilariga - 35 %;

                 2.  Jamiyatda ishlovchilarga - 35 %;

                 3.  Faoliyatni rivojlantirishga - 20%;

                 4.  "Agroyoshlar" fermerlik jamiyatlari uyushmalariga - 5 %.

                 5.  Kuzatuv kengashiga - 5%.

Bundan tashqari, soliq va boshqa to‘lovlardan beriladigan imtiyozlar evaziga tejaladigan mablag‘lar ham faoliyatni rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Izoh: Jamiyat ta'sischi yoshlari jamiyatda mulkdor bo‘lishdan tashqari, jamiyatda mehnat faoliyatini ham olib borsa, foyda taqsimotida nafaqat mulkdor, balki ishlovchi sifatida  ham tegishli ulush olishi mumkin bo‘ladi.

Loyihaning ahamiyati:

-    har bir hududda dastlabki yildayoq minglab yoshlarimiz doimiy istiqbolli ish bilan bilan ta'minlanadi va yildan-yilga bu jamiyatlarning faoliyat miqyosi tizimli tarzda kengayib boradi;

- yoshlarimizning arzon ishchi kuchi sifatida chet mamlakatlarga chiqishi kamayadi;

-  qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksporti hajmi  ortib boradi, natijada valyuta tushumi oshishi hisobiga yangi texnologiyalarni joriy qilish, yangi navlar yaratish, chet ellik mutaxassislar bilan hamkorlik qilish va innovatsion g‘oyalarni tatbiq qilish imkoniyatlari kengayib boradi;

- jamiyatda, shu jumladan yoshlarimiz o‘rtasida hamjihatlik yanada rivojlanadi va ijtimoiy himoyalangan faoliyatni amalga oshiradi;

- aniq yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘p miqdordagi kredit mablag‘lari mayda bo‘lingan holda yuzlab fuqarolar qo‘liga emas, yaxlit holatda xo‘jalik sub'yektlari hisobiga kelib tushadi;

- faoliyat samaradorligi nisbatan ancha yuqori bo‘lganligi sababli banklar tomonidan berilgan kreditlarning ham o‘z vaqtida qaytarilishi imkoniyati yuqori bo‘ladi;

- tizim yangi bo‘lgani, shuningdek  davlat va boshqa ko‘pgina instansiyalar ularga yordam berishi, ularga unumdor yerlardan ajratilishi imkoniyati borligi va shu bilan bog‘liq boshqa omillar yoshlarimizda ishonch uyg‘otadi;

- nafaqat ushbu jamiyatlarning ta'sischilari, balki ularda ishlovchi yoshlarimizga ham yakuniy hisob-kitoblarda foyda hisobidan tegishli mablag‘ ajratiladi (chunki, yer davlatniki va bunda ishlaganlar ham bunga haqli prinsipi joriy qilinadi);

- jamiyatlarning barcha ishtirokchilari va ishlovchilarini ijtimoiy himoyalangan faoliyatni amalga oshirishi ta'minlanadi;

- hududlarda yuqoridagi faoliyatlarni yuritish natijasida tizimli tarzda sanitariya-epidemiologiya, veterinariya va ekologiya me'yorlari nazoratda bo‘ladi (bu ham jiddiy masalalardan biri);

- yaqin 5-10 yillar ichida bu jamiyatlarning o‘zi ham bir qator loyihalarni mustaqil amalga oshirish imkoniyatlariga hamda qishloq infratuzilmasini rivojlantirishga hissa qo‘shish imkoniga ega bo‘ladi;

- kelajakda yoshlarning hamjihatligini yanada mustahkamlash, hayotini yanada fayzli bo‘lishini ta'minlash maqsadida yoshlar shaharchalari ham barpo etilishi mumkin.

Izoh:  1. Ushbu loyiha respublikamizda ayrim tarmoqlar mutassadilari e'tiboriga havola qilinganda ba'zilar "Qonunchilikka yangilik kiritish shartmi, mana respublikamizda fermer xo‘jaliklari yoki turli ma'suliyati cheklangan jamiyatlar va bu bo‘yicha qonunlar bor", deb o‘z fikrlarini ma'lum qilgandi. Biroq bu loyiha qishloq xo‘jaligida tizimli, me'yoriy jihatdan ta'minlangan faoliyatni, yerdan foydalanishda tor doiradagi manfaatni emas, balki ijtimoiy manfaatni ko‘zlagan holda yoshlarni, ayniqsa yetarli imkoniyatga ega bo‘lmagan yoshlarning sohaga kirib, ishonchli va samarali faoliyat ko‘rsatishini ta'minlaydi.

2. Ta'kidlash lozimki, jadal sur'atlar bilan harakat qilinib, targ‘ibot ishlari to‘g‘ri olib borilsa, shuningdek 2017 yil dekabr oyiga qadar me'yoriy-huquqiy va qonunchilik hamda tashkiliy ishlar amalga oshirilsa, ushbu jamiyatlar shu yilning o‘zidayoq faoliyatini boshlash imkoniga bo‘ladi.

3. Yuqoridagi qayd qilingan holatlar loyihaning umumiy jihatlarini o‘zida aks ettiradi va agar loyiha ma'qul topilsa, tegishli idoralar bilan o‘zaro munosabatlar va tartiblarning barcha jihatlariga aniqlik kiritiladi.

Talaba: Shoxrux Farxodov

Top