17:05 / 18.09.2017
11504

Tojikistonga O‘zbekistondan qo‘shiq aytuvchi velosayohatchi keldi

Foto: Asia-Plus

Tojikiston poytaxti Dushanbe shahriga O‘zbekistondan velosayohatchi yetib keldi. Bu haqda «Aziya-Plyus» xabar bergan.

«Registon» ansamblining rahbari 59 yoshli Xursand Sherov Buyuk ipak yo‘li davlatlar bo‘ylab velosayohatni amalga oshirmoqda.

«Men uyga keldim, - degan xonanda O‘zbekiston-Tojikiston chegarasini kesib o‘tganidan so‘ng «Aziya-Plyus» muxbiriga. – Men aslida tursunzodalikman. Sovetlar Ittifoqi paytida Toshkentda ta'lim oldim hamda u yerda ishlash uchun qolib ketdim. Kasbim bo‘yicha opera qo‘shiqchisiman. Velosipedga 2008 yilda o‘tirganman, 2013 yildan esa sayohatni boshladim».

U bu velosiped safarini artist Muslim Magomayev xotirasiga bag‘ishladi.

«Tojikistonga Moskvadan to‘g‘ri keldim, - dedi Sherov. – Tojikistonga velosipedda kelish rejalarim bor edi, hattoki chegara yaqiniga bir necha marta kelganman, biroq uni kesib o‘tish va qarindoshlar hamda yaqinlar bilan ko‘rishishning imkoni bo‘lmadi».

Foto: Asia-Plus

Xursand Sherov joriy yildan ikki birodar respublika o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilanganidan juda xursand, u shu sababdan tarixiy vataniga tashrif buyura oldi, deb yozadi nashr.

Joriy yilda Xursand Sherovning 5 400 kilometrlik safari Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab o‘tadi. U har kuni 250-300 km yo‘l bosmoqda. Sherov Dushanbedan Toshkentga velosiped safarini Xo‘jand orqali amalga oshirishni rejalashtirgan. 

Top