Sport | 13:25 / 19.09.2017
20530
8 daqiqa o‘qiladi

«Xitoyga boshqa qaytib kelma!». Tevesni Xitoyda qanchalik yomon ko‘rishlari haqida

O‘tgan yilning oxirida Karlos Teves to‘satdan «Boka Xuniors»ni tark etib, «Shanghay Shenxua» jamoasiga o‘tgandi. Sarguzashtlar bunga arzirdi – Xitoy klubi futbolchiga 40 million yevro yillik maosh va'da qilgandi. Bu summa Karlosni dunyodagi eng ko‘p maosh oladigan futbolchiga aylantirdi. Argentina klubi muxlislari Tevesdan xafa bo‘lishdi va unga Yevropadan kelganda Tevesning o‘zi aytgan bir iborani eslatishdi – «baxtni hech qanday pulga sotib olib bo‘lmaydi».

Goal.com nashrining ta'kidlashicha, transfer xitoyliklar uchun 71 million funtga tushgan. Shartnomada Teves muddatidan oldin «Boka»ga qaytishi mumkinligi, u holda argentinaliklar «Shanghay Shenxua»ga transfer qiymatining 60 foizini qaytarishi kerakligi ko‘zda tutilgandi. Tevesning o‘zi bu transferning sababi sifatida, «Boka» futbolchilariga haddan tashqari bosim borligini aytgan, ammo albatta qaytishga va'da bergandi.  

Daily Mail nashriga bergan intervyusida Karlos maosh masalasida imkon qadar gap ochmaslikka uringan – «Menimcha, bunday masalalarni har yerda aytib yurish to‘g‘ri emas. Bu jamoadagi sheriklarimga nisbatan hurmatsizlik bo‘ladi. Aniq summani aytmayman, lekin aytishim mumkinki, matbuotda yoritilayotgan summalardan ko‘ra, kamroq olaman», – degandi argentinalik hujumchi. 

Xitoy jamoasi Teves bilan ilk o‘yinni Avstraliyaning «Brisben Roar» klubiga qarshi o‘tkazdi va 0:2 hisobida boy berib, Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichiga o‘ta olmadi. O‘shanda hammasini adaptatsiya jarayoni bilan bog‘lashdi va Tevesga ishonishda davom etishdi.

Ammo hadeganda mo‘'jiza sodir bo‘lavermasdi. Teves doim nimadandir shikoyat qilar, unga goh noodatiy o‘yin tempi, goh noqulay mashg‘ulotlar, gohida mahalliy ovqatlar yoki turmush tarzi yoqmay qolardi. Ayniqsa, ovqat masalasi, Teves hatto Manchesterda yashaganida ham shaharda atigi ikkita qoniqarli restoran borligini aytgan, Xitoyda undan badtar bo‘lib chiqdi. Jamoa bosh murabbiyi Gustavo Poyyet ham ilk kunlarda Tevesning umuman ovqat yemaganini aytgandi.

Xitoyda tvitter o‘rnini bosadigan ijtimoiy tarmoq bo‘lmish Weibo da muxlislar Tevesni shunaqa ko‘p tanqid qilishadiki, Sergeyev hech narsa emas. Tevesning mavsum yarmini o‘ynamay o‘tkazib yuborgani, maydonga tushgan 12 o‘yinida atigi 2 gol urgani, haftasiga 634 ming funt maoshi uyoqda tursin, ayniqsa, futbolchining har doim Argentinaga qaytib ketmoqchi bo‘laverishi ham barchaning joniga tegib ulgurgan. Har qanday futbolchining maydonda muammolari bo‘lishini tushunishsa ham, bu maoshga hech bo‘lmasa Tevesdan bor imkoniyatini ishga solishini talab qiladilar.

Aprelda Teves jarohatlandi, «Shanghay Shenxua» esa, usiz «Chanchun Yatay»ni yengib, uch o‘yindan iborat g‘alabasiz seriyasiga yakun yasadi. O‘yin paytida Teves stadionda edi, u jamoasini qo‘llab-quvvatlar, ehtiros bilan kiritilgan gollarni nishonlar, juda xursand edi. Ammo uni ko‘rgan muxlislar xursand emasdilar – birinchidan, ular jamoa Tevessiz yaxshiroq o‘ynashini tushunib qolishdi, ikkinchidan, o‘yindan oldin Teves oilasi bilan bemalol Disneylendda yurganini ko‘rib qolishgan, matbuotda futbolchining hech qanday jarohati yo‘qligi haqida xabarlar chiqib bo‘lgandi. 

«Shanghay Shenxua» qaysidir jihatidan «Liverpul»ni eslatadi, jamoa 90-yillar boshida juda ko‘p sovrinlarni yutgan, ammo 1995 yildan beri omadsizlik girdobiga botib qolgan. Aynan shuning uchun Tevesni bo‘lajak qutqaruvchi qahramondek kutishgandi. Jamoa Teves bilan 12-o‘ringa tushib ketgach, muxlislarga battar alam qila boshladi, ularni tushunsa bo‘ladi.

Buning ustida Teves intervyularda og‘ziga kelganini gapirib yuboraverardi:

«Menimcha, Xitoy klublari hech qachon Yevropa klublari bilan raqobat qila olishmaydi. Hatto barcha yulduzlarni sotib olgan taqdirda ham, bu yerda futbol boshqacha, muxlislar boshqacha. Yaqin 50 yilda ham Xitoy futboli u yerdagi darajaga yaqinlasha olmaydi. Xitoylik futbolchilarning texnikasi u qadar kuchli emas, ana endi, legioner futbolchilar bilan o‘ynab, biroz kuchayishsa kerak. Ammo ular juda besunaqay, ataylab bo‘lmasayam, jarohat yetkazishlari mumkin” – degandi u South China Morning Post ga bergan intervyusida.

Avgustda Teves yana mushaklardan jarohat oldi va davolangani Buenos Ayresga ketib qoldi. Xitoylik muxlislar unga yana ishonishmadi va Tevesga «uyini juda sog‘ingan bolakay» deb laqab qo‘yishdi. Tevesga, u ketayotganda, albatta Xitoyga qaytib kelishi borasida qog‘ozga imzo qo‘ydirib olishgandi, hatto. 

Ijtimoiy tarmoqlar gumburladi.

«Qaytib kelma, o‘zim sening yuklaringni jo‘natib yuborishni zimmamga olaman»

«Uyatsiz Teves baribir Argentinaga ketib qoldi. Qaytib kelma!»

«Shenxua»ning eng qimmatbaho va eng yomon legioneri»

Kuzga kelib, norozilik yanayam kuchaydi. Omadsiz transferlar bo‘yicha barcha reytinglarni Karlos Teves boshqarardi.

«Boka»ga qaytishim oson emas, shartnoma juda murakkab tuzilgan», – dedi futbolchi yaqinda bergan intervyusida.

Haqiqatan ham, 33 yoshga kirgan va futbol o‘ynashga qiziqmay qo‘ygan Teves uchun transferning 60 foizini – 42.5 million funtni to‘lash uchun «Boka» aqldan ozgan bo‘lishi kerak.  

Bosh murabbiy Poyyet oxirigacha Tevesni himoya qilishga harakat qildi.

«Barcha qiyinchiliklarga qaramasdan, Teves – jamoamizdagi eng muhim futbolchi. Uning klubga kelishi xato emasdi, aynan Tevesning transferi butun dunyoda Xitoy futboliga bo‘lgan qiziqishni oshirib yubordi. Men Tevesning Argentinada bergan intervyusini o‘qidim, u aniq qilib, mavsumni yuqori saviyada yakunlashni o‘ylayotganini aytdi. Tevesning butun fikri jamoa bilan bog‘liq ayni damda», – degandi urugvaylik murabbiy.

11 sentabrda esa klub rahbarlarining sabr kosalari to‘ldi. Gustavo Poyyetni iste'foga chiqarib yuborishdi. Jamoaga mahalliy murabbiy Vu Tszin Su tayinlandi. Uning jamoadagi birinchi ishi Teves va Guarinni tarkibdan chiqarib yuborish bo‘ldi.

«Teves jismonan tayyor emas va uni maydonga tushirmayman. Unda ortiqcha vazn bor. Guarinda ham shunday. Jamoaga men javob berar ekanman, barcha mas'uliyat mening bo‘ynimda. O‘ynay olmaydigan futbolchilarni zayavkaga kiritishdan mantiq yo‘q», – dedi yangi murabbiy. 

Hech kimga xursandchilik olib kelmayotgan la'nati shartnoma 2018 yilning oxirigacha tuzilgan.

Mavzuga oid