Angliya Premer Ligasi 5-turidan keyin Manchesterning ikki jamoasi teng ochko va teng to‘plar nisbati bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. Aslida, avvalgi ikki yilda «shaharliklar» jamoasi ilk 5 turni yuz foizlik natija bilan o‘tkazgan bo‘lishsa-da, keyin kuchli uchlikka zo‘rg‘a ilingandi. Ya'ni, kelajakka qarab, chempionlik uchun kurash aynan shu ikki klub o‘rtasida kechishini aytishga hali ertadek. Ammo bu jamoalarning teng ochko to‘plashlari doim dramatik voqealarga sabab bo‘lishini eslasak, nimadir bizni kutib turgandek bo‘laveradi. 

Masalan, 2011/12 yilgi mavsumni har ikki jamoa 89 ochkodan to‘plab yakunlagan. Faqat to‘plar nisbati «Manchester Siti»ga uzoq tanaffusdan so‘ng, chempionlikni nishonlashga zamin yaratgan. 2015/16 yilgi mavsumda ham Manchester klublari teng ochko to‘plashdi – endi to‘plar nisbati «Manchester Siti»ga Yevropa Chempionlar Ligasida to‘p surish huquqini berdi. «Yunayted» esa, o‘sha nisbat tufayli, Angliya kubogini yutganiga qaramasdan, Lui van Gaalni iste'foga chiqarib yubordi. 

Hozir esa, hatto to‘plar nisbati bo‘yicha ham jamoalar teng borishmoqda. Bu qachongacha davom etadi? Yaqin turlarda yoki yakunda qaysi jamoa o‘z ustunligini raqamlarda ham aks ettira oladi? Aslida qaysi jamoa kuchli?

Bu savollarga tahririyatimizda ikki xil javob berildi. Marhamat. 

Qahramon ASLANOV: «MANCheSTeR YuNAYTeD» KUChLI, ChUNKI:

BIRINChIDAN, murabbiy omili.

Foto: «Manchester Yunayted»

Juda eskirib ketgan fikr bo‘lsa ham, aytish joiz, Joze Mourinoning ikkinchi mavsumlari doim juda kuchli bo‘ladi. «Chelsi», «Real», «Inter»dagi faoliyati davomida murabbiy aynan shu davrda jamoasini cho‘qqiga olib chiqa olgan. Gap faqat tasodiflarda emas, Joze qisqa muddat ichida raqobatbardosh jamoa qurishga, tarkibda muammolarni aniq his qilgan holda transferlarni amalga oshirishga juda usta. 

Mourino o‘tgan yili amalga oshirgan 4 transferning barchasi jamoa yetakchi futbolchilariga aylanishdi. Bu yil tarkibga qo‘shilgan Lukaku 7 o‘yinda 7 gol urishga muvaffaq bo‘ldi, Matich esa, maydon markazi egasiga aylanib bo‘ldi. Umuman olganda, Joze Mourino uch marta Angliya chempionatini yutgan, yana ikki mavsumda chempionlik uchun kurashganini e'tiborga olsak, aynan ingliz futbolini his qilish bo‘yicha portugaliyalik murabbiy ustunroq.