16:11 / 19.09.2017
7230

Mogerini: Eron bilan atom kelishuvi AQShga emas, butun dunyoga tegishli

Foto: AP

Eron yadro dasturi bo‘yicha kelishuv ishlayapti, Tehron o‘z majburiyatlarini bajarmoqda. YeI tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Federika Mogerini Nyu Yorkda jurnalistlar bilan uchrashuvida shunday bayonot berdi. "Men kelishuv ishlayotgani haqida ko‘p gapirganman, Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) 7 marotaba Eron o‘z majburiyatlarini bajarayotganini tasdiqladi", - degan YeI bosh diplomati. 

Mogerini AQShning kelishuvdan chiqish ehtimolini izohlar ekan, bu kelishuvlar alohida bir davlat bilan imzolanmaganini ta'kidladi. "Bu kelishuv xalqaro hamjamiyatga tegishli", - degan u. Uning aytishicha, u va YeIning vazifasi "bitim shartlarining barcha ishtirokchilar tomonidan batamom bajarilishiga ishonch hosil qilishdir".

Mogerinining qayd etishicha, 20 sentabr kuni "oltilik" (YeI, Rossiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, AQSh, Fransiya va Germaniya) va Eron vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu "ijobiy ishoradir". Chunki bu kabi uchrashuvlar odatda tashqi ishlar vazirlarining o‘rinbosarlari darajasida o‘tkazilar edi. 

AQSh prezidenti Donald Tramp saylovoldi kampaniyasi chog‘ida mazkur hujjatni bir necha bor tanqid qilgan hamda hujjat Eronga bir tomonlama ustunliklar berishini ta'kidlagan edi. 

Top