«Bolakay, nari tur, tepishga xalal berma». Ehtimol, Edinson Kavani unga aynan shunday demagandir, ammo videoda shunga o‘xshash gaplar aytilganini sezish mumkin. Ha, Kavani penaltini ura olmadi va aytgan so‘zlari uchun uyalib qoldi.
Aslida bu oddiy epizod. Agar bu boshqa futbolchilar bilan bo‘lganida axborot oqimi ichida yo‘qolib ketgan bo‘lardi. Ammo gap Kavani va Neymar haqida – rezonans kafolatlangan, hal qilib olish kerak bo‘lgan ish bor. Frantsuzlarning L`Equipe nashri bu videolarni keng tahlil qildi. Unai Emeri va Dani Alves, keyinroq Kavanining o‘zi izoh berdi – faqat Fransiyada emas, butun dunyoda bu holat keng muhokama qilindi. ESPN va Goal nashrlarida urilmagan penalti kunning asosiy voqeasiga aylanli. Shunday epizod shu qadar muhim bo‘lishi mumkinmi?

Yangi «PSJ» endigina qurilmoqda, bu futbolchilar esa bu jarayondagi asosiy ishtirokchilar. Ammo klubning asosiy yulduzi kim bo‘ladi, kim jamoaning asosiy yetakchisi bo‘ladi? Hech bo‘lmaganda asosiy penaltist aniqmi? Ko‘rinishidan, Unai Emeri bu masalada yordam bera olmaydi. Uning izohi zerikarli: «Penaltini turli futbolchilar ijro etishi mumkin — Neymar ham, Kavani ham. Ular buni oldindan kelishib olishi kerak edi, menga qolsa, ikkisi navbat bilan tepishsin. Agar ular kelisha olishmasa, unda men qaror qilaman». Boshqacha aytganda, murabbiy bu yulduzlar masalani uni aralashtirmay o‘zlari hal qilib olishini istamoqda. U hozirgi holat (barcha penaltini Kavani tepishi) o‘zini qoniqtirmasligiga ishora qildi. Bu holat Neymarni qoniqtirmaydi…
Gap futbolchilar hal qilib olishida emas. Bunday vaziyat avval ham kuzatilgandi. 25 avgust kuni «PSJ» «Sent-Eten»ga qarshi o‘yinda yirik hisobda g‘alaba qilgan, birinchi golni 20-daqiqada Kavani penaltidan urgandi. O‘shanda ham Neymar penalti tepishni istagan – ammo Kavani unga to‘pni bermagandi. «Lion» bilan o‘yinda xuddi shunday bo‘ldi. Avvaliga jarima zarbasi belgilanganda Kavani tepishga chog‘langanida Dani Alves to‘pni quchoqlab olib, uni Kavanidan yashirdi va Neymarga berib yubordi. U braziliyalik vatandoshi tarafini olishi tushunarli holat.
Kavani Ibrahimovich bilan raqobat davrini boshdan kechirgan, o‘shanda u markaz bandligi tufayli vinger sifatida o‘ynashga majbur bo‘lgan, u ketgach esa o‘zini klubning qirolidek his qila boshladi: tajriba, bombardirlik, yulduzlik. Shuningdek, penaltist. Endi u nega o‘z o‘rnini topshirishi kerak?
Neymar ikkinchi bo‘lib qolayotgani, Messining soyasida qolib ketayotgani tufayli Kataloniyadan ketgandi. U yangi klubida hech narsani, jumladan, penaltini ham kim bilandir baham ko‘rishni istamaydi. Bu manfaatlar to‘qnashuvi. Klubga kelganiga bir oydan oshiqroq vaqt bo‘lgan bo‘lsada, uni rozi qilish kerak. Bir oydan oshiqroq vaqt ichida uning 120 ming futbolkasi sotildi.

















