18:53 / 20.09.2017
5353

O‘zbekiston va Janubiy Koreya qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi

Koreya Respublikasi Milliy assambleyasi deputati, O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi parlamentlararo do‘stlik guruhi raisining o‘rinbosari Kim Chong Xun boshchiligidagi Koreya Respublikasi delegatsiyasi O‘zbekiston Tashqi savdo vazirligida uchrashuv o‘tkazdi. 

Tashqi savdo vazirligining matbuot xizmati xabar berishicha, tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar.

Tomonlar ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bilan O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash quvvatlarini yaratish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishgan.

Koreya tomonining ta'kidlashicha, O‘zbekistonda yetishtirilayotgan meva-sabzavot va poliz mahsulotlari o‘zlarining ta'm sifati uchun Koreyada mashhurdir. 

Bundan tashqari, Koreya tomoniga iqtisodiyotni yanada liberallashtirishga qaratilgan islohotlar haqida ma'lumot berildi.

Kim Chong Xun ushbu islohotlarning amalga oshirilishini ma'qullab, valyuta bozorini erkinlashtirish bilan O‘zbekiston investitsion jozibadorlikni sezilarli darajada mustahkamligini ta'kidlab o‘tdi. Yaqin yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotiga Koreya sarmoyalarining oqimini ko‘paytirish mo‘ljallanmoqda.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi.

Top