23:21 / 21.09.2017
21492

iPhone 8 haqida ilk fikrlar

Foto: cnet.com

Yaqinda Apple kompaniyasi iPhone 8 va iPhone 8 Plus smartfonlarini taqdim etdi. Qurilmalar haqidagi ilk fikr-mulohazalar esa u qadar ijobiy emas - bunga undan-da innovatsion va qimmatbaho iPhone X smartfoniga bo‘lgan qiziqish ham sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin, deyiladi Marketwatch'da.

Ko‘pchilik iPhone 8 — salmoqli smartfon ekani va iPhone'ning eski modellari egalari uchun ajoyib xarid ekanini ta'kidlamoqda. Shunday ekan, sizda iPhone 7 bo‘lsa, u holda yangisini xarid qilish u qadar ahamiyatli emas, chunki unda yangiliklar ko‘p emas.

Xo‘sh, foydalanuvchilar iPhone 8 haqida nimalar deyishmoqda?

Jyeffri Fauler (The Wall Street Journal) iPhone 8 unga "Transformerlar"ning beshinchi filmini yodga solganini ma'lum qildi:

"Uning yangi qurilma ekanini aniq bilasan. Biroq shu bilan birga u avvalgisidan nimasi bilan farq qilishini ayta olmaysan".

Fauler iPhone X'ning sotuvga chiqishini kutishni maslahat berdi. "Kimga simsiz zaryad va yangilangan kamera kerak bo‘lmasa, bir necha yuz dollar tejab, 550 dollarga iPhone 7 xarid qilishi mumkin".

Nikol Nguyen (Buzzfeed) ham sezilarli yangilanishlar yo‘qligini qayd etdi:

"Umuman olganda, iPhone 8 — ilgari iPhone 7s nomi  berilishi mumkin bo‘lgan smartfon".

Devid Pirs (Wired) iPhone 8 va 8 Plus'ni "deyarli mukammal telefonlar" deb atab, yuksak baholadi.

Shunday bo‘lsa-da, ketidan qo‘shimcha qildi: "Baribir ular eskirmoqda. Bizni kelajakda qanday smartfonlar kutayotganini bilishni xohlaysizmi, iPhone X'ga qarang. -

iPhone 8 — hoynahoy, bugungi avlodning so‘nggi eng yaxshi smartfoni va uning narxi 1000 dollar emas, bu - ajoyib yangilik".

Niley Patel (The Verge) ham iPhone 8'da hech qanday yangilik topa olmadi:

"iPhone 8 — ayfonlarning to‘rtinchi avlodi, iPhone 6 ham shu avlodga mansub. Apple sakkizinchi ayfon uchun "mutlaqo yangi dizayn" ishlab chiqqanini ma'lum qilgandi. Biroq kompaniya iPhone 6S va 7 haqida ham shunday degan. Yagona farq - orqa shisha, lekin undan boshqa hech narsa o‘zgarmagan. iPhone 8 va 8 Plus uchun 7 va 7 Plus'ning g‘iloflari ham to‘g‘ri keladi".

Farhod Manju (The New York Times) iPhone 8'ni "yangi avlod oldidan ajoyib zinapoya" deb atadi:

"iPhone 8 — oqqushlar qo‘shig‘i yoki, boshqacha aytganda, bu birinchi iPhone'ning qayta ishlangan mukammal varianti, nafaqaga chiqishdan oldingi nafis joziba. iPhone 8 va 8 Plus — ajoyib telefonlar. Biroq yangiliklarning aksariyati iPhone 7 va 7 Plus'ga nisbatan ahamiyatsiz. Biroq sizda ayfonning eski modeli bo‘lsa, u holda sakkizinchi smartfon siz uchun ajoyib xarid bo‘ladi".

Devid Pog (Yahoo Finance)ning aytishicha, iPhone 8 "yoqimli, biroq ahamiyatsiz":

"Texnologiyalar olami iPhone X'ni orziqib kutmoqda. Yaxshiki, Apple uni ishlab chiqardi, aks holda muhokamaga arziydigan narsaning o‘zi bo‘lmasdi, chunki taqdimotda namoyish qilingan iPhone 8'da hech qanday yangilik yo‘q".

Tahlilchilar, o‘z navbatida iPhone 8 uchun oldindan olingan buyurtmalar o‘zini oqlamasligidan cho‘chishmoqda.

Top