11:08 / 22.09.2017
13659

Urgutda kitoblar va to‘garaklar yarmarkasi bo‘lib o‘tdi (foto)

Urgut tuman hokimligi, tuman xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish bo‘limi, respublika ma'naviyat va ma'rifat markazi tuman bo‘limi, madaniyat bo‘limi hamkorligida «Fidoying bo‘lgaymiz sening, O‘zbekiston!» shiori ostida «To‘garaklar yarmarkasi» tashkil etildi.

Tadbir Prezidentimizning shu yil 12 yanvardagi «Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida»gi Farmoyishida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash, aholi, xususan, maktab o‘quvchilari, yoshlar va uyushmagan yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning qiziqishlariga ko‘ra zamonaviy to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida tashkillashtirildi.

Unda tumandagi ta'lim muassasalarining axborot resurs markazlari o‘zlaridagi mavjud badiiy, ilmiy, siyosiy adabiyotlar, maktab o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan darsliklar hamda turli hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmalari bilan ishtirok etishdi.

Shuningdek, «Barkamol avlod» bolalar markazi tuman bo‘limi qoshida faoliyat ko‘rsatayotgan «Bichish-tikish», «To‘qish», «Tasviriy san'at», «Mohir qo‘llar», «Pazandachilik», «Qandolatchilik», «Folklor», «Gilamdo‘zlik», «Yosh ekolog», «Yosh tabiatshunos», «Gulchilik», «Yosh o‘lkashunos», «Oila va salomatlik», «Boshlang‘ich texnik modellashtirish», «Ingliz tili», «Yosh kitobsevarlar», «Kompyuter saboqlari», «Bolalar sporti va boshqa to‘garaklar a'zolari o‘z faoliyatlarini aks ettiruvchi ko‘rgazmalari bilan ishtirok etishdi.

Bundan tashqari, tadbirda tuman jismoniy tarbiya va sport bo‘limi qoshidagi bolalar va o‘smirlar sport maktablarida sportning shaxmat-shashka, stol tennisi, boks, karate, qo‘l jangi turlari bo‘yicha shug‘ullanib kelayotgan yosh sportchilar, bolalar musiqa va san'at maktablari o‘quvchilari o‘zlarining turli sahnalashtirilgan badiiy chiqishlari, rassomchilik buyumlari ko‘rgazmalarini tashkil etishdi.

Tadbirga Camarqand kitob olami majmuasi hamda tumandagi kitob mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar ham taklif etildi.

O‘z muxbirimiz

Mavzuga oid
Top