07:47 / 23.09.2017
5511

Tsukerberg Facebook’ning 75 mln tagacha aksiyasini sotishni rejalashtirayotganini ma'lum qildi

Foto: AP

Facebook asoschisi va egasi Mark Tsukerberg yaqin 18 oy ichida kompaniyasining 35 mln tadan 75 mln tagacha aksiyasini sotishni rejalashtirmoqda. U bu haqda ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma'lum qilgan.  

Tsukerberg rafiqasi Pristsilla Chan bilan olingan pullarni turli xayriya loyihalariga sarflashmoqchi.

"Biz ishimizni tezlashtirib, o‘z aksiyalarimizni ertaroq sotmoqchimiz. Biz yaqin 18 oy ichida 35 mln tadan 75 mln tagacha aksiyamizni ta'lim, fan va huquqshunoslik sohasidagi ishimizni qo‘llab-quvvatlash uchun sotishimizga umid qilmoqdaman", deb aytgan Tsukerberg.

Uning ta'kidlashicha, boshidan Facebook’ning bosh g‘oyasi "ijtimoiy missiyani bajarish" bo‘lgan. "Biz Pristsilla bilan barcha kasalliklarni davolash va har bir o‘quvchi uchun ta'limni personallashtirish kabi global muammolarni hal qilishda ishtirok etish majburiyatiga egamiz", deb aytgan Tsukerberg.

Shu bilan birga Tsukerberg kompaniya ustidan nazoratni kamida yana 20 yil davomida saqlab qolishni istamoqda.

2015 yil dekabrda Tsukerberg va Pristsilla Chan o‘zlarining endigina dunyoga kelgan qizchalariga atalgan maktub-murojaatni chop etishgandi va unda Facebook’dagi 99 foiz aksiyalarini xayriya maqsadlariga ajratishga va'da berishgandi.

"Biz Facebook’dagi 99 foiz aksiyamizni – bu esa hozirgi kunda 45 mlrd dollarni tashkil qiladi – kelgusi avlod uchun bu dunyoni yaxshilashda ko‘plab odamlarga qo‘shilish maqsadida butun hayotimiz davomida beramiz", deyilgandi maktubda.

Top