Fan-texnika | 17:06 / 23.09.2017
12009
3 daqiqa o‘qiladi

Milliarder Jyek Ma: «Bolalarni zavodda ishlashga tayyorlashni to‘xtatish kerak»

Foto: East News

Xitoy Made in China dasturini ishga tushirmoqda, AQSh prezidenti Donald Tramp esa ishlab chiqarishni Amerikaga qaytarishga va'da bermoqda. Biroq bu yondashuvdan allaqachon voz kechish kerak, deya hisoblaydi Xitoyning Alibaba riteyleri rahbari Jyek Ma. Global korporatsiya asoschisi ishlab chiqarish va mehnatning yangi shakliga o‘tishni taklif qilmoqda. Biroq, an'anaviy ta'lim avvalgi davr qolipida qotib qolgan hamda maktab o‘quvchilarini hamon fabrikadagi ishga tayyorlamoqda.

Xitoyning elektron tijorat sohasidagi yirik korporatsiyasi bo‘lmish Alibaba rahbari Jyek Maning fikricha, kelajakda mehnat bozoridagi asosiy drayverga sanoat emas, balki xizmatlar sohasi aylanadi. XXR hukumati tomonidan ilgari surilayotgan Made in China dasturi, hamda Donald Trampning Amerikani ishlab chiqarishni AQShga qaytarish hisobidan yana buyuk qilish haqidagi va'dalari zamonaviy sharoitlarda mantiqqa ega emas. «Made in China va Made in America haqida gapirishni to‘xtatish lozim. Made in Internet davri keldi», - deya ma'lum qildi Ma Nyu-Yorkdagi Bloomberg Global Business Forum’da nutq so‘zlab.

Alibaba asoschisining fikricha, ta'limga hozirgi yondashuv yangi sharoitlarga javob bermaydi hamda bolalarni mehnat bozoridagi o‘zgarishlarga tayyorlamaydi. «Biz bolalarni shunday o‘qitmoqdamizki, ular 30 yildan so‘ng ishsiz qolishadi», - deya Jyek Maning so‘zlarini keltiradi CNN Money.

Bolalarni mashinalar kishilardan yaxshiroq ekaniga ishontirishmoqda, hamda shu bilan birga, kishilardan mashinalarga o‘xshashi kerakligini talab qilishmoqda. Biroq kelajakda mashinalarda umuman bo‘lmaydigan sifatlar qadrli bo‘ladi. Maning fikricha, bu sifatlarga IQ, EQ va LQ kiradi. LQ – bu muhabbat koeffitsiyenti bo‘lib, kishilarni mashinadan ajratib turuvchi noyob xususiyatdir. «Agarda, sizni hurmat qilishlarini xohlasangiz, LQ’ni oshiring», - deya maslahat bergan Alibaba rahbari.

Jyek Ma forumda chiqish qilib, o‘zini bir vaqtning o‘zida realist va texnologiyalar kelajagiga ishonuvchi optimist sifatida tan oldi. Biroq, xitoylik tadbirkor ehtiyotroq bo‘lishni maslahat bergan. Avvalroq Ma insoniyat 30 yildan so‘ng yangi global chaqiriqlar bilan to‘qnashishi, internet esa kishilarga «og‘riqli o‘n yillik» keltirishini ma'lum qilgandi. Biroq Alibaba yetakchisining Nyu-Yorkda ta'kidlashicha, kishilarning qo‘rqitish kerak emas. «Menga olimlar, muhandislar va yirik tadbirkorlarning odamlarni texnologiyalar bilan qo‘rqitishi yoqmaydi. Kishilar mashinalar insoniyatdan ustun kelishi mumkinligidan cho‘chimoqda. Menimcha, odamlar o‘zlaridagi ishonchni his qilishlari lozim».

Mavzuga oid