Yaxtalar — endi modadan qolgan shekilli. Eng ilg‘or konstruktorlik byurolari jahondagi eng hashamatli suv osti kemasi yaratish borasida bellashishga kirishgan, deb yozadi Insider.Pro.
Agar o‘n millionlab dollarga xarid qilinadigan, vertolyot qo‘nish maydonchalari, zerikarli jakuzilarga ega super-yaxtalar sizning me'dangizga urgan bo‘lsa, Avstriyaning Migaloo Private Submersible Yachts kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan 28 metrli M7 suv ostiga kemasiga pul tayyorlayvering.
Bu yerda nafaqat vertolyot qo‘nadigan maydoncha (mabodo, siz shuning muxlisi bo‘lsangiz), basseyn, VIP-kayutalar va bir necha angarli palubalar bor. Uni yaratishda dizaynerlar Amerikaning «Zamvolt» mina tashuvchi suv osti kemalaridan ilhomlanishgan. (Faqat bu yerda dvigatellar dizel-elektrik, atomli emas).

Faqat suv sirtida u yoqdan bu yoqqa chayqalishdan boshqasiga yaramaydigan yaxtadan farqli o‘laroq, M7 dengizda 458 metr chuqurlikkacha sho‘ng‘ishi mumkin va 20 uzel tezlikda suv osti sayohatini uyushtira oladi. Disneyning multfilmlaridan biridagi Sebastyan laqabli qisqichbaqa eng qiziq narsalar dengiz tubida ro‘y berishini bekorga kuylamagan axir.

«Suv parisi» personajlari kuylab tursin, mayli, lekin M7 kabi huzur-halovat arzon turmaydi. Migaloo’ning bosh ijrochi direktori Kristian Hampoldning so‘zlariga ko‘ra, bunday suv osti kemasining aniq narxi hozircha ma'lum emas. Lekin taxminiy narxi 2,3 milliard dollarga teng.
Lekin M7 — puli bor odam xarid qilishi mumkin bo‘lgan yagona suv osti kemasi emas. Keyingi bir necha o‘n yillar mobaynida Triton Submarines, DeepFlight Adventures, U-Boat Worx BV va Seamagine Hydrospace Corp. kabi kompaniyalar «suv osti apparatlari» ishlab chiqarishmoqda. Bu unchalik katta bo‘lmagan transport vositalari bortiga ikki nafardan sakkiz nafargacha yo‘lovchi olishi mumkin, shuningdek okeanga bir necha soatga sho‘ng‘ib chiqa ham oladi. Stokton Rash tomonidan asos solingan OceanGate Inc. kompaniyasi hattoki 2018 yilda yo‘lovchilarni «Titanik» qoldiqlarini tomosha qilishga olib tushmoqchi.


















