21:42 / 24.09.2017
10956

Dunyodagi ilk aqlli eshik qo‘ng‘irog‘i taqdim etildi

Foto: Nest Labs

Nest kompaniyasi yangi gadjyet – dunyodagi ilk aqlli eshik qo‘ng‘irog‘ini taqdim etdi. Nest Hello deb nomlangan bu gadjyet mikrofonli kamera, dinamik, ostonani yorituvchi chiroq va holatni ko‘rsatuvchi yorug‘lik-diodli indikator bilan jihozlangan.

Qurilma 160 gradus burchak ostida 4:3 formatda HD-video yozadi. Kamera eshik yoniga kelgan odamni boshdan oyoq ko‘ra oladi.

Nest Hello’da yuzlarni tanuvchi Nest Cam IQ intellektual texnologiyasi qo‘llangan. Qo‘ng‘iroq tanishlarni begonalardan ajrata oladi va bu haqda foydalanuvchiga xabar beradi.

Gadjyet avtojavobbergich bilan jihozlangan: misol uchun qo‘ng‘iroqni pochtachi bosganda unga paketni eshik ostida qoldirish taklif qilinadi.

Nap Time rejimi uyda uxlayotgan kichik bolalarni bezovta qilmaslikka imkon beradi. Bola uxlayotgan vaqtda qo‘ng‘iroq bosilsa, uning ovozi yangramaydi, biroq foydalanuvchi smartfoniga tegishli xabar keladi. Sightline funksiyasi esa eshik yoniga oxirgi bir necha kun ichida kimlar kelganini ko‘rishga imkon beradi.

Hozirda innovatsion qo‘ng‘iroq narxi ma'lum qilinmagan. Gadjyet savdoga keyingi yilning 1-choragida chiqishi kutilmoqda.

 

Top