Transfer darichasining so‘nggi kuni Davide Dzappakosta «Chelsi» bilan to‘rt yillik shartnoma imzoladi. «Ko‘klar»ning muxlislari darhol guglga kirib, yangi futbolchi haqida ma'lumot izlay boshlashdi – kim o‘zi bu Dzappakosta? Aksariyat muxlislar unchalik taniqli bo‘lmagan italiyalikning transferidan xafa bo‘lishdi, axir xuddi shu pozitsiya uchun Aleks Oksleyd-Chemberleyn asosiy da'vogar bo‘lib turgan edi.

Dzappakosta «Lester»ga qarshi o‘yinning 2-bo‘limida debyut qildi va yomon taassurot qoldirmadi. Oradan uch kun o‘tib, 12 sentabr kuni, «Qorabog‘»ga qarshi kechgan Chempionlar Ligasi o‘yinida esa, ilk golini nishonlab ham ulgurdi. Lekin baribir, mana shunday ajoyib startdan keyin ham, 25 yoshli qanot futbolchisi ko‘pchilik uchun sirligicha qolmoqda – kim o‘zi bu Dzappakosta?

Davide 1992 yilning 11 iyunida Italiya markazidagi Sore shaharchasida tavallud topdi. Futbolga bo‘lgan mehr unda o‘z vaqtida iqtidorli hujumchi bo‘lgan, hozirda murabbiylik qilayotgan otasidan o‘tgan. Qahramonimiz 5 yoshidanoq mahalliy klubning bolalar jamoasiga qo‘shildi. Uning birinchi ustozi Mario Borza bo‘lgandi. 2008 yilda esa, u Isola Liriga o‘tdi, uni darvozabon Palladinelliga almashtirishgandi.

Davidening o‘smirlik yillari hech qanday to‘siqlarsiz o‘tdi, har bir murabbiy uni alohida e'tirof etar, uning mehnatkashligi, har bir yo‘nalishda o‘sishga erishayotgani ta'kidlanardi. Keyingi bosqich ko‘p kuttirmadi, yosh futbolchi o‘sha paytda Sandro Grossi boshqarayotgan «Isola Liri»ning asosiy tarkibiga jalb etildi. Shundan so‘ng, Davidening o‘sishi tezlashadi – S2 Seriyada 14 o‘yinda maydonga tushib, 1 gol urgan futbolchi «Atalanta» skautlarining nazariga tushadi va 2011 yilda u endi La Dea ixtiyoriga o‘tadi. To‘g‘ri, bargamoliklar yosh futbolchi S Seriyada ham ma'lum vaqt tajriba to‘plashini istadilar va «Avellino» klubiga ijaraga berdilar.   

«Avellino» tarkibidagi ilk mavsumda Davide 27 o‘yinda maydonga tushgan bo‘lsa-da, u qadar yorqin kechmadi. Balki shuning uchunmi, «Atalanta» futbolchining yarim transfer huquqini «Avellino»ga sotishga rozi bo‘lib qo‘ya qoldi. «Chelsi»ning bo‘lajak o‘yinchisi uchun ikkinchi mavsum ham u qadar muvaffaqiyatli kechmadi, ammo aynan o‘sha 2012/13 mavsumida Davide S Seriyadagi ilk golini urdi, klub esa, V Seriyaga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. 

Foto: Avelino

Yangi mavsumga tayyorgarlik oldidan bosh murabbiy Rastelli jamoa sxemasiga o‘zgartirish kiritishga jazm qildi. 4-3-1-2 o‘rniga 3-5-2 keldi va o‘ng qanot literali vazifasi Dzappakostaga yuklandi. Aynan mana shu yangi sxema futbolchining bor salohiyati ochilishiga katta turtki berdi. 2013/14 yilgi mavsum sorelik himoyachi uchun katta ahamiyat kasb etdi, mutaxassislar uning o‘yinini maqtab, mavsumning kashfiyotlaridan biri sifatida e'tirof etishdi.