Iroqning kurdlar muxtor mintaqasida bugun mustaqillik bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tadi. Bu jahon hamjamiyati va Bag‘doddagi markaziy hukumatning sanani boshqa muddatga ko‘chirish, eng yaxshisi – plebissitni bekor qilish borasidagi chaqiriqlariga qaramay yuz beradi. Iroq Kurdistoni rahbari Ma'sud Barzoniy yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida referendum belgilangan muddatda o‘tkazilishi haqida yana bir bor ma'lum qilgan.

Iroq Kurdistonidagi saylovlar va referendum bo‘yicha mustaqil saylov komissiyasidan ma'lum qilishlaricha, ovoz berish uchun uchastkalar soat 08:00da ochiladi va o‘z ishini 18:00da yakunlaydi. Referendumda qo‘yilgan savol shundan iborat: "Kurdiston mintaqasi va uning tashqarisidagi kurdlar hududlari mustaqil davlat bo‘lishini xohlaysizmi?". Byulleten to‘rt tilda: kurd, arab, turkman va aysor tilida taqdim etilgan. Javob berish uchun “ha” yoki “yo‘q” so‘zlarini yozish lozim. Ovoz berishda qatnashish uchun 5,2 mln kishi ro‘yxatdan o‘tgan.

Plebistsit Iroq Kurdistoni tarkibiga kiruvchi viloyatlar – Arbil, Sulaymoniya, Doxuk, shuningdek, maqomi bahsli sanaluvchi tumanlarda bo‘lib o‘tadi. Bu tumanlarning ichida Iroqning shimoliy neft poytaxti Kirkuk ham bor. Ovoz berish vaqtida xavfsizlikni kurdlarning "peshmerga" harbiylashgan tuzilmalari va mahalliy politsiya kuchlari ta'minlab turadi.

Referendum bo‘yicha Oliy kengash a'zolari aksariyat kishilar Bag‘doddan mustaqil bo‘lish uchun ovoz berishsa, keyingi reja haqida ma'lum qilishdi. Hujjat mintaqada istiqomat qiluvchi barcha etnokonfessional guruhlarning milliy, siyosiy, diniy, madaniy va ma'muriy huquqlarini kafolatlaydi. Rasmiy tillar sifatida kurd, arab, aysor, arman va etnik turkmanlar tili qabul qilinadi.

Kurdiston davlatida diniy va milliy guruhlar huquqlari loyihasi, ular davlat muassasalarida “to‘liq vakolatlarga” ega bo‘lishi, “mustaqil davlat hukumatida haqiqiy sheriklar”ga aylanishini, federativ tizim doirasida esa, xususan, arablar, yozidlar va turkmanlar o‘z mintaqalarini mustaqil tarzda boshqarishini nazarda tutadi. Hujjat kurdlar parlamentining yaqin oradagi sessiyasida ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi.

Barzoniyning yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida e'tibor qaratishicha, referendum haqidagi qarorga ancha avval kelingan va bu Bag‘dod bilan muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka yuz tutgani hamda markaziy hukumatga bo‘lgan ishonch yo‘qolishi bilan bog‘liq. Barzoniyning ta'kidlashicha, xalqaro hamjamiyat tomonidan o‘tkazilayotgan bosimga qaramay, referendum belgilangan muddatda bo‘lib o‘tadi.

Referendumdan so‘ng Arbil Bag‘dod bilan barcha masalalar bo‘yicha muloqotga tayyor. Shu bilan birga, kurdlarning harbiylashgan tuzilmalari va Iroq armiyasining terrorizm bilan kurashdagi harbiy hamkorligi avvalgidek qoladi, deya ishontirgan Barzoniy. Shuningdek, uning qayd etishicha, Bag‘dod bilan qandaydir qurolli to‘qnashuvni kutayotgani yo‘q.