08:33 / 25.09.2017
11964

Malayziya ASeAN’ning Myanma bo‘yicha bayonotidan darg‘azab

Malayziya tashqi ishlar vaziri Anifa Omon Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari Assotsiatsiyasi (ASeAN) raisining Myanma g‘arbida istiqomat qiluvchi rohingya musulmonlari atrofidagi gumanitar inqiroz bo‘yicha bayonotini tanqid qildi. "Hujjat haqiqiy vaziyatni noto‘g‘ri ko‘rsatmoqda", - deya idora rahbarining so‘zlarini keltiradi Star gazetasi.

"Malayziya hukumatining ro‘y berayotgan vaziyatdan tashvishda ekanligi rais (Filippin TIV) bayonotida aks ettirilmagan", - deya ta'kidlab o‘tdi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjatda faqatgina “Rakxayn shtatidagi gumanitar vaziyat” haqida so‘z yuritiladi, biroq rohingyalar tilga olinmagan. Vazir bu shtatdagi vaziyatni “ildizlari tarixga borib taqaluvchi xalqlararo muammolarning murakkab kompleksi” kabi ko‘rsatiluvchi bayonotlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini aytdi. ASeAN'ga a'zo davlatlar TIV rahbarlarining BMT Bosh Assambleyasi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvida qilingan bayonotda “Myanma hukumatining mamlakat g‘arbida zo‘ravonlikni to‘xtatishga qaratilgan sa'y-harakatlari ma'qullanishi” ta'kidlanadi.

Assotsiatsiyaga Bruney, Vetnam, Indoneziya, Kamboja, Laos, Malayziya, Myanma, Singapur, Tailand, Filippin a'zo davlatlar sifatida kiradi.

Anifa Omonning ta'kidlashicha, Kuala-Lumpurda 25 avgust kuni “Rohingyalarni qutqarish bo‘yicha Arakan armiyasi” harakati jangarilari tomonidan harbiylarga uyushtirilgan hujum qoralanadi. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, hukumatning bundan keyin amalga oshirgan “tozalashlari” ko‘plab tinch aholi vakillarining halokatiga, shuningdek, yuz minglab odamlarning boshqa davlatlarga qochib o‘tishiga sabab bo‘ldi hamda buni avval yuz bergan holat bilan solishtirib bo‘lmaydi. Malayziya “keng ko‘lamli gumanitar inqirozga sabab bo‘lgan bunday vahshiyliklardan jiddiy tashvishda, va jahon hamjamiyati unga e'tibor qaratmasligi mumkin emas”, - deya ta'kidlab o‘tdi TIV rahbari. "Shuningdek, biz Myanma hukumatidan zo‘ravonlikni darhol to‘xtatish va ehtiyojmandlarga gumanitar yordamni olishga imkon berishini talab qilamiz", - deya qo‘shimcha qilgan vazir.

Top