Ispaniya chempionatining 6-turida «Real» - «Alaves» o‘yinida jamoaning yozdagi xaridlaridan biri Dani Sebalos ilk marta boshlang‘ich tarkibda harakat qildi. Ispan futbolidagi talantlardan biri ilk o‘yinidayoq jamoasiga g‘alaba keltirgan gollarga mualliflik qildi.

Sebalos Madrid klubida Toni Kroos va Luka Modrich bilan raqobatni yengishi kerak. U mavsumni qanday o‘tkazishi kelajakka savol. Quyida uning o‘tmishini ko‘rib chiqamiz.

Yoshlik eliksiri

Ismi: Dani Sebalos
Klubi: «Real»
Ampluasi: yarim himoyachi
Fuqaroligi: Ispaniya
Tug‘ilgan kuni: 1996 yil 7 avgust
Asosiy oyog‘i: o‘ng oyoq
Bo‘yi: 176 sm

Ikki yil muqaddam Ispaniyadagi nashrlar Dani Sebalosni nafaqat mamlakatning, balki Yevropa va jahonning eng istiqbolli futbolchilari safiga qo‘sha boshladi. U oxirgi mavsumlarda yosh bo‘lishiga qaramay «Betis»ning asosiy yetakchisiga aylandi. 2017 yil yozida, 21 yoshi arafasida esa Polshada bo‘lib o‘tgan Yevropa chempionatida eng yaxshi futbolchi sifatida tan olindi.

Sebalos Ispaniya yoshlar terma jamoasida 12 uchrashuv o‘tkazib, 10 gol urdi.

Dani Sebalos Sevilya shahri yaqinida tug‘ilgan, shu tufayli Andalusiyaning asosiy klubi uning iqtidorini tezda payqagan. Dani 8 yoshida «Sevilya» akademiyasida paydo bo‘lgan, ammo klubdagilar Sebalosda xronik bronxit aniqlangach, undan voz kechishdi – murabbiylar, bu kelgusida uning jismoniy mashqlarni ko‘tarishi va kuchli futbolchi bo‘lishiga xalal beradi, deb hisoblashdi. Shu tufayli 13 yoshida Dani «Sevilya»ni tark etadi va munitsipalitet jamoasi – «Utrer» safida paydo bo‘ladi.