18:52 / 27.09.2017
28571

FXX: Doku Umarov dafn etilgan joy aniqlandi

Foto: Wikimedia

Ingushetiya hududida Doku Umarov dafn etilgan joy topildi, deya xabar beradi Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining (FXX) jamoatchilik bilan aloqalar markazi.

Umarovning qabri «uzoq muddatli, aniq yo‘naltirilgan qidiruv tadbirlari natijasida» tog‘-o‘rmon hududida topilgan.

«Shimoliy Kavkaz banditlari yetakchisi Doku Umarov va uning to‘dasi to‘rt nafar a'zosi qabri topildi. Ular 2013 yil sentabr oyida xavfsizlik kuchlari maxsus amaliyotlari paytida o‘ldirilgan», - deya ma'lum qilishgan FXXdan.

Avvalroq, bir nechta ommaviy axborot vositalarining norasmiy manbalari Doku Umarov dafn etilgan joy haqida xabar berishgandi, ammo FXX bu ma'lumotlarga izoh bermadi.

Doku Umarov chechen ekstremistlarining yetakchisi bo‘lib, Rossiyada terrorchilik tashkiloti sifatida tan olingan «Kavkaz amirligi»ni tashkil etgan va unga rahbarlik qilgan.

Bunga qadar, 2006 yildan tan olinmagan Checheniston Ichkeriya Respublikasi (ChIR) prezidenti, vitse-prezidenti va Milliy xavfsizlik xizmatining boshlig‘i (2005-2006), davlat xavfsizligi vaziri (2004-2005), ChIR Qurolli kuchlarining G‘arbiy fronti qo‘mondoni (2002 yildan). 1997-1998 yillarda ChIR Milliy xavfsizlik kengashi kotibi bo‘lgan. Brigada generali (1996).

Doku Umarov Kavkazni erkin va islomiy qilish, «qonun va adolatni o‘rnatish»ga harakat qilayotgani haqida ma'lum qilgan. Ilgari u Chechenistonning mustaqilligi uchun kurashgan. Uzoq vaqt davomida u o‘g‘irlik, qotillik, odam o‘g‘irlash, terrorchilik harakatlarini sodir etish, hokimiyatni ag‘darishga va etnik nafratni qo‘zg‘atishga chaqirganlikda ayblanib federal qidiruvda bo‘lgan. Ramzan Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, Umarov odamlarni o‘g‘irlash bo‘yicha mutaxassis bo‘lib, «shaxsan ularni o‘qqa tutib, o‘g‘irlab ketilganlar uchun to‘lov so‘ragan».

Shomil Basayevning o‘limidan keyin Rossiyada «Terrorchi №1»ga aylangan Umarov ko‘plab teraktlarga aloqador. Xususan, u 2009 yilgi «Nevskiy ekspress» poyezdining portlatilishi, 2010 yilda Moskva metrosidagi portlashlar, 2011 yilning yanvar oyida «Domodedovo» aeroportidagi portlash uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga olgan.

Umarov 2010 yil 23 iyunda AQSh tomonidan xalqaro terrorchilar ro‘yxatiga kiritilgan. 2011 yil 11 martda BMT Xavfsizlik Kengashi Doku Umarovni «Al-Qoida» bilan aloqador terrorchilar ro‘yxatiga kiritdi. 2011 yil 26 may kuni AQSh uning qayerdaligi haqida ma'lumot uchun 5 million dollarlik mukofotni e'lon qildi.

2011 yilda dunyodagi eng qidiriluvchi 10 jinoyatchi ro‘yxatidan joy olgan.

Mavzuga oid
Top