O‘zbekiston | 11:50 / 27.09.2017
117423
4 daqiqa o‘qiladi

Paxta–2017: Har bir bank xodimi 5 nafardan terimchi yollaydi

Foto: KUN.UZ

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sh.Atabayev tomonidan 26 sentabr kuni imzolangan, faks orqali qabul qilingan xat suratlari tarqaldi. KUN.UZ tahririyatiga bir biridan mustaqil ikkita manbadan shunday xatning suratlari yetib keldi.

Unga ko‘ra, tijorat banklari boshqaruvi raislari va Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari boshliqlaridan 2017 yil paxta hosilini yig‘ib terib olinishiga ko‘maklashish maqsadida bankning har bir hududiy filiallarida ishlayotgan HAR BIR XODIM 5 NAFARDAN TeRIMChI paxta yig‘im-terimiga jalb etilishini tashkil qilishi so‘ralmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 sentabr kuni «Respublika bank tizimi barqarorligi va rivojlanishini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzolagan edi.

Qarorga ko‘ra vazirliklar va idoralar, davlati hokimiyati organlari rahbarlari:

– tijorat banklari va uning filiallari ishiga aralashishi, tadbirkorlik risklarini boshqarishi, jumladan, biznes rejalarda nazarda tutilmagan xayriya va vznoslar bo‘yicha xarajatlarni amalga oshirishi;

– davlat va hududiy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlariga tijorat banklari hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarni ularning ijobiy xulosasini olmasdan qo‘shish taqiqlangan edi.

Bosh prokuraturaga davlat organlarining tijorat banklari ishiga aralashish ustidan nazoratni kuchaytirish vazifasi topshirilgan edi. Prezident qarori 25 sentabrdan kuchga kirgan.

Eslatib o‘tamiz, Respublikamizda 1000ga yaqin tijorat banklari filiallari mavjud va unda bir necha o‘n ming xodim faoliyat olib bormoqda. Markaziy bank raisi o‘rinbosari tomonidan yo‘llangan xatda 5 nafardan terimchi qay tariqa jalb etilishi va ularning mehnati nimaning hisobiga moliyalashtirilishiga aniqlik kiritilmagan.

KUN.UZ tahririyati bu masalalarni aniqlashtirish uchun Markaziy bank raisi o‘rinbosari Shuhrat Atabayev bilan bog‘landi va ushbu xatga izoh so‘raldi.

Shuhrat Atabayev shunday dedi: «Bu xat jo‘natilishidan maqsad, banklar joylashgan hududlarda bekor yurgan, ishsiz fuqarolar bo‘lsa, paxta yig‘im-terim vaqtida ularga targ‘ibot qilish. Bankirlar yoki byudjyet tashkilotlarni chiqaringlar, degan topshiriq yo‘q.

Garchi xatda bu vazifani aniq qilib yozmagan bo‘lsak ham, biz xodimlarimizga boshqatdan yig‘ilib, gaplashib, tushuntirdik. Chunki ta'kidlaganimdek, banklar joylashgan mahallalarda uyushmagan aholi vakillari, bekor ishsiz yurgan fuqarolar bor, hozir paxtaga 500 so‘mdan pul berilmoqda, ular chiqib yordam berishsa o‘zlarining moddiy ahvoli yaxshilanishini tushuntirishni bankirlardan iltimos qilganmiz».

Bir qarashda barchasi tushunarlidek, lekin bu o‘rinda ikkita muhim savol yuzaga keladi:

Agar iltimos deyilayotgan bu topshiriq bajarilmasa, banklarga nisbatan biror chora ko‘riladimi? Bank xodimlari qay vaqtda mazkur topshiriq bilan shug‘ullanishlari, ya'ni uyushmagan yoshlarni qidirib topishlari lozim? Ish vaqtidami, ishdan oldinmi yoki keyin?

Mavzuga oid