21:00 / 27.09.2017
3383

Shenchjenda yil oxirigacha o‘zi boshqariluvchi avtobuslar harakatlana boshlaydi

Foto: EAST NEWS

Xitoy janubidagi Shenchjen shahri o‘zida ko‘plab yuqori texnologik kompaniyalarni mujassamlagani bilan mashhur. Bu yerda 2017 yil oxirigacha ikkita haydovchisiz avtobus yo‘nalishi joriy qilinmoqchi. Bu haqda Shenchjen avtobus kompaniyasiga iqtibos keltirgan holda China Daily nashri xabar bermoqda.

Yo‘nalishlarda sun'iy ongga ega 4 avtobusdan foydalaniladi. 3 km uzunlikka ega va 10 ta bekatdan iborat birinchi avtobus yo‘nalishi Fan va texnika janubiy universiteti kampusi hududi orqali o‘tadi. Ikkinchi yo‘nalish hozircha tasdiqlanmagan.

Mahalliy avtobus kompaniyasi prezidenti Yuy Ganning aytishicha, texnik mutaxassislar yangi avtobuslarning xavfsizlik tizimi va navigatsiya boshqaruvini o‘rganmoqdalar. Uning aytishicha, ishning boshlang‘ich bosqichlarida ilk reyslarda haydovchilar bo‘ladi va ular vaziyatni nazorat qilib borishadi. 

O‘zi boshqariluvchi harakat texnologiyasi Shenchjen avtobus kompaniyasi, Intellektual transport tizimlari ishlanmalari va texnologiyalari milliy markazi va Huawei kompaniyasi tomondan kelajak aqlli transport tizimlarining prototipi sifatida yaratilgan. Yo‘nalishlarda elektrda yuruvchi avtobuslar qo‘llanadi va transport tizimining yangilanishi atrof-muhitga zararli chiqindilar chiqishi darajasini pasaytiradi va tirbandliklarni kamaytiradi. 

Ta'kidlash joizki, Apple kompaniyasi ham Kremniy vodiysidagi ofislari orasida qatnovchi o‘zi boshqariluvchi avtobuslarni yo‘lga qo‘ymoqchi. Ushbu loyiha nafaqat xodimlarni tashish, balki kompaniyaning haydovchisiz boshqaruv texnologiyalarini takomillashtirishi uchun kerak.

Top