23:28 / 28.09.2017
12241

Samarqandda xalq o‘qituvchisiga ehtirom ko‘rsatildi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta'lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida» gi 2017 yil 27 sentabrdagi Farmoniga asosan Samarqand shahar 6- umumiy o‘rta ta'lim maktabi matematika o‘qituvchisi Firuza Gafarovaga «O‘zbekiston Respublikasi Xalq o‘qituvchisi» faxriy unvoni berildi.

2011 yildan beri F.Gafarova 6-maktabdagi tayanch maktabiga rahbarlik qiladi, har oy Samarqand viloyat pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti tinglovchilari uchun ish tajribasi, dars o‘tish uslubi bo‘yicha ochiq noan'anaviy darslar o‘tkazib kelmoqda.

So‘nggi uch yilda matematika o‘qituvchisi Gafarova Firuzaning shogirdlaridan Akbar Erkinov «Bilimlar bellashuvi-2014» tanlovi Respublika bosqichida 3-o‘rinni, shu tanlovning 2015 yilda viloyat bosqichida 2-o‘rinni, 2016 yilda fan olimpiadalari shahar bosqichida 1- o‘rinni egalladi, Sattorov Temur «Bilimlar bellashuvi-2015» tanlovi shahar bosqichida 2-o‘rinni egallab, Xalqaro Lomonosov nomidagi matematika olimpiadasida Samarqand viloyati o‘quvchilari o‘rtasidan tanlab olinib, Toshkent shahrida o‘tkazilgan saralash bosqichida faol qatnashdi.

Feruza Gafarovaning 2010-2017 yillarda 20 dan ortiq metodik tavsiyasi ta'lim tizimiga keng tatbiq etilgan. Uning «Atrofimiz geometriya» deb nomlangan hajmli metodik tavsiyasini Respublika miqyosida ommalashtirilgan. Shahar va viloyat miqyosida Firuza Gafarovaning yuzdan ortiq dars ishlanmalari va metodik qo‘llanmalari ommalashtirilgan.

28 sentabr kuni Samarqand shahar hokimi F.Rahimov fidoyi ustoz, uz ishining mohir ustasi, yuzlab shogirdlarning ustozi F.Gafarovani ushbu unvon bilan tabriklash uchun 6-maktabga tashrif buyurdi. F.Rahimov ustozning mehnatini, yosh avlodni tarbiyalashdagi alohida xizmatlarini ta'kidlab o‘tib, yaqinlashib kelayotgan ustoz va murabbiylar kuni bilan tabrikladi.

O‘z muxbirimiz.

Top