00:25 / 28.09.2017
5211

Turkiya aviakompaniyalari va Flydubai Iroq Kurdistoniga parvozlarni to‘xtatmoqdalar

Foto: flydubai.com

Turkiya aviakompaniyalari 29 sentabrdan Iroq Kurdistoni aeroportlariga aviareyslarni bajarishni to‘xtatadilar, deb aytildi Turkiyaning Erbildagi bosh konsulligida. 

Avvalroq Iroq fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi mahalliy vaqt bilan 29 sentabr soat 18.00dan Iroq Kurdistonidagi Erbil va Sulaymoniya shaharlari aeroportlariga barcha xalqaro parvozlar to‘xtatilishini ma'lum qilgan. Bunga esa muxtoriyatning mustaqilligi bo‘yicha referendum o‘tkazilgani sabab bo‘lmoqda.

“Iroq fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi ko‘rsatmasiga muvofiq, Turkish Airlines, Atlas Global va Pegasus aviakompaniyalarining Erbil va Sulaymoniyaga hamda ortga reyslari juma kuni soat 18.00dan amalga oshirilmaydi”, deyilgan bayonotda.  

Shuningdek, BAAning Flydubai aviakompaniyasi ham Iroq Kurdistoniga parvozlarni 30 sentabrdan to‘xtatmoqda. 

“Iroq vakolatli idoralari tomonidan notalar olingandan keyin Flydubai 30 sentabrdan Erbilga reyslarni vaqtinchalik to‘xtatadi”, deyilgan aviakompaniya bayonotida.

Noroziliklarga sabab bo‘layotgan referendum 25 sentabrda bo‘lib o‘tgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, muxtoriyatning mustaqil bo‘lishiga 92,7 saylovchilar ovoz bergan. Ovoz berishning o‘tkazilishiga Turkiya, Eron, AQSh va BMT qarshi chiqqandi.

Iroq hukumati referendumni noqonuniy deb topgan va muxtoriyatning rahbariyati bilan ovoz berish natijalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazmasligini e'lon qilgan. 

Top