Fransiyaning France Football nashri har yili eng yuqori maoshga ega bo‘lgan futbol murabbiylari ro‘yxatini havola etadi. O‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra, «Manchester Yunayted» ustozi Joze Mourino bu ro‘yxatda yetakchilik qilishi hech kimni hayron qoldirmagani tabiiy. 2004 yilda bu ro‘yxatga qo‘shilgan portugaliyalik mutaxassis 12 mavsumda peshqadamlik qilgan. Faqat ikki marta uni ortda qoldirishgan – 2004 yilda Aleks Fergyuson va 2009 yili o‘sha vaqti «Chelsi»da ishlagan Luis Filipe Skolari. 

2016/17 mavsum yakunlariga ko‘ra Joze Mourino 28 million yevro maosh bilan birinchi, keyingi o‘rinlarni Xitoy terma jamoasi bosh murabbiyi Marchello Lippi (23.5 million), «PSJ»dagi shartnomasini bekor qilgan Loran Blan (20 million), Karlo Anchelotti (15.8 million) va Pep Gvardiola (14.5 million) band etdi.

Ushbu reytingning muhim xususiyati – bu yerda faqat klubdan olinadigan maoshlargina emas, barcha reklama huquqlari orqali topiladigan daromadlar ham hisoblanadi. Aynan mana shu omil Joze Mourinoni yaqqol peshqadamga aylantiradi, zero ingliz matbuotining yozishicha, uning Manchesterdagi maoshi 16 million yevro, ya'ni Lippi yoki Loran Blanning daromadlaridan kamroq. Karlo Anchelotti, Pep Gvardiola kabi murabbiylar ham Jozega yaqinroq maosh olsalar-da, aynan reklama tufayli Joze raqiblarini deyarli ikki barobar ortda qoldira oladi. Bu har yili shunaqa va tasodif emas. 

Waitrose tuxumlari

2007 yilning kuzida, «Rusenborg»ga qarshi Chempionlar Ligasi o‘yini oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida, o‘sha paytda «Chelsi»da ishlagan Mourino jurnalistlarga nolidi: «Bu xuddi quymoq va tuxumlar kabi, tuxum bo‘lmasa, quymoq ham bo‘lmaydi», – degandi o‘shanda Mourino – «hammasi tuxumning sifatiga bog‘liq. Supermarketda birinchi, ikkinchi, hamda uchinchi sortdagi tuxumlar bor. Birinchi sort tuxumlar qimmatroq, ammo ulardan shirinroq quymoq chiqadi. Ya'ni, agar birinchi sort tuxumlar Waitrose’da (Britaniyadagi yirik supermarketlar tarmog‘i) sotilsa va senda u yerga kira olish imkoniyati bo‘lmasa, bu muammo».

O‘shanda hech kim tushunmadi – bu supermarketlarning mukammal rejalashtirilgan piar-aksiyasi edimi yoki Mourino rostan ham quymoq tayyorlaydimi? Nima bo‘lgandayam, bu iqtibos dunyoni kezdi, keyinroq esa, Joze Mourinoning rasmi bilan «qadrini hamma ham bilavermaydi» deb yozilgan Waitrose reklamalari paydo bo‘ldi. So‘z o‘yini ham juda mos kelgan – o‘sha «Rusenborg»ga qarshi o‘yindagi durangdan so‘ng, Mourino «Chelsi»dan iste'foga chiqarilgandi. 

Baribir «Waitrose tuxumlari» iborasi ingliz futbolida folklor bo‘lib qoldi va hozirgacha eslab turishadi. Bu bir narsani, Jozening haqiqatan ham tovarni reklama qila olishini, u qatnashgan har qanday tadbir munozaralarga, e'tiborga molik o‘laroq qolishini bildiradi.