18:00 / 29.09.2017
17304

Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo rahbarlari o‘rtasida maslahatlashuvlar o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo rahbarlari o‘rtasida muntazam ravishda maslahatlashuvlar o‘tkazish tashabbusini bildirdi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Xalqaro Press-klubning navbatdagi sessiyasi vaqtida ma'lum qildi. 

«Men barchani Prezidentimiz tomonidan olg‘a surilgan ahamiyatli tashabbusga e'tibor qaratishini so‘rab qolaman. Bu yerda faqat Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari o‘rtasida maslahatlashuvlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Buning uchun hech qanday yangi tashkilot tuzish maqsad qilinmagan. Bundan tashqari, qandaydir ustavlar, qarorlar qabul qilinishi ham rejaga kiritilmagan. 1990-2000 yillarda Markaziy Osiyoda Iqtisodiy ittifoq, tashqi siyosiy ittifoq tuzish uchun harakatlar bo‘lgan edi. Biroq bu rejalar amalga oshmadi. Sababi, ayrim hal etilmagan masalalar mavjud bo‘lgan bir vaqtda to‘satdan borib, qandaydir shartnomalar tuzib bo‘lmaydi. Shu sababli, mintaqada yig‘ilib qolgan muammolarni, dolzarb masalalar ustida avval o‘tirib, hech bir majburiyatsiz, hujjatlarsiz yoki tashkilotlar ishtirokisiz o‘zaro fikr almashish kerak. Davlatlararo ishonchni  kuchaytirish kerak. Undan so‘ng, biz amaliy ishlarga o‘tishimiz mumkin. Prezidentimiz tashabbusi esa mana shunday maydonni yaratib beradi», deya qayd etdi Abdulaziz Komilov.

Tashqi ishlar vazirining ta'kidlashicha, mazkur tashabbusning amalga oshishi natijasida Markaziy Osiyodagi rahbarlar ochiq-oydin fikr almashib, murakkab masalalarga hamjihatlikda yechim topishadi. 

«Bunday tajriba hozircha hech qayerda kuzatilmagan. Maslahatlashuv uchrashuvlarini O‘zbekistonda yoki boshqa mamlakatlarda o‘tkazish mumkin. Barcha ezgu ishlar - yaxshi qadamdan boshlanadi. O‘ylaymizki, biz kelajakda ushbu tajribani yanada rivojlantiramiz», deya qo‘shimcha qildi TIV rahbari.

Top