Fan-texnika | 17:26 / 29.09.2017
25365
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston «Odnoklassniki»ga kiruvchilar soni bo‘yicha nechanchi o‘rinda? 

Foto: Odnoklassniki

«Odnoklassniki» ijtimoiy tarmog‘i vakillari 27 sentabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan mobil texnologiyalar va marketingga bag‘ishlangan anjumanda ishtirok etdilar. Konferentsiyada spiker sifatida «Odnoklassniki» loyihasining biznesni rivojlantirish bo‘yicha menejyeri Viktor Kravchenko qatnashdi. O‘z chiqishi davomida u ijtimoiy tarmoqning o‘zbekistonlik foydalanuvchilari va yangi mahsulotlar haqida so‘zlab berdi.

«O‘zbekiston — o‘zining 2 060 928 ga teng foydalanuvchilari bilan ijtimoiy tarmoqqa tashrif buyuruvchilarning o‘rtacha oylik soni bo‘yicha uchinchi o‘rinda. Faqatgina Belarus va Qozog‘iston oldinda. Odnoklassniki foydalanuvchilari ijtimoiy tarmoqda o‘rtacha 41 daqiqa vaqt sarflaydilar», — deb aytdi Viktor Kravchenko.

Viktor Kravchenko tomonidan keltirilgan statistik ma'lumotlarga ko‘ra, OK ilovasi 30 mln. marotaba yuklab olingan, Google Play’da eng ko‘p muhokama qilingan ilova degan nomga sazovor bo‘lgan va IOS uchun eng yaxshi ilovalar ro‘yxatiga kirgan. Bundan avvalroq 82% foydalanuvchilar mobil telefonlardan foydalanishi xabar qilingan va bu yo‘nalishda O‘zbekiston boshqa MDH mamlakatlarini ortda qoldirmoqda.

Spiker «Odnoklassniki»dagi sahifalar, ularning imkoniyatlari va yaqinda ishga tushirilgan mahsulotlar va xizmatlar peshtaxtalari, guruhlar uchun xabarlar, OK mobil ilovalarida tahlil va foto, video yoki mahsulotlarni namoyish etish mumkin bo‘lgan guruhlardagi sozlanuvchi kontentli bloklar kabi yangiliklar haqida so‘zlab berdi. Spiker videokontentga ham alohida e'tibor qaratdi.

«Hozirda videokontentlar ijtimoiy tarmoqlarda juda ham ommabop, Odnoklassniki bundan mustasno emas. Odnoklassnikida videolarni tomosha qilish soni sutkasiga 350 milliondan ortiq. Ushbu sonning 2 millionga yaqini O‘zbekistonga to‘g‘ri keladi», — deydi Viktor Kravchenko.

O‘z chiqishida Viktor Kravchenko OKning reklama maydonlari imkoniyatlari bilan tanishtirishga alohida e'tibor qaratdi. Viktor Kravchenko katta miqdordagi targetlar va eng samarador reklama formatlari xaqida batafsil ma'lumot berdi.

Mavzuga oid