O‘zbekiston | 16:40 / 02.10.2017
38544
2 daqiqa o‘qiladi

Auktsion savdolarda sotilgan avtoraqamlar orqali byudjyetga 2 mlrd. so‘mdan oshiq mablag‘ tushdi

Joriy yilning 27-28 sentabr kunlarida «O‘zbekiston Respublika tovar xomashyo birjasi» AJda avtotransport vositalari uchun birinchi toifali ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini sotish bo‘yicha savdolar o‘tkazildi. «O‘zRTXB» AJ matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, savdolar mobaynida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy shaxslar uchun 36ta «oltin» avtoraqam va yuridik shaxslar uchun 6ta lot sotildi.

O‘tkazilgan onlayn savdolarning natijalari «oliy toifali» avtomobil raqamlarga bo‘lgan talab yuqori ekanligini namoyon etdi. Raqobatli savdolar davomida ayrim lotlar bo‘yicha boshlang‘ich narxlar bir necha marotaba ko‘tarilib, 70 mln so‘mdan oshdi.

Umuman olganda O‘zRTXB ning www.avtoraqam.uzex.uz tizimi ishga tushirilgan paytdan boshlab auksion savdolarda qiymati 2,0 mlrd so‘mdan yuqori 110dan ziyod avtotransport vositalari uchun davlat raqami belgilari sotildi.

Eng faol xaridorlar — Toshkent va Toshkent viloyati avtohavaskorlaridir. Biroq, shu bilan birga respublikamiz boshqa hududlarining xaridorlari ham bosqichma-bosqich birjaning axborot tizimiga ulanishmoqda. Xususan, onlayn-auksionlar Qoraqolpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo, Xorazm, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida o‘tkazildi.

Eslatib o‘tamiz, savdolar mobaynida xaridorlar amaldagi eng yaxshi narxdan yuqoriroq bo‘lgan cheklanmagan miqdorda narx bo‘yicha o‘z takliflarini berishlari mumkin. Avtoraqamlar sotilishidan olingan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetiga yo‘naltiriladi.

Mavzuga oid