23:20 / 02.10.2017
21425

Fotoreportaj: Gretsiyalik biznesmenlar G‘ofur G‘ulom uyida mehmon bo‘lishdi

Foto: KUN.UZ

2017 yilning sentabr oyi so‘ngida O‘zbekiston va Gretsiya o‘rtasidagi madaniy hamda diplomatik aloqalarni yaxshilash maqsadida birinchi o‘zbek-grek ishchi forumi tashkil etildi. Shuningdek, forum doirasida an'anaviy “Buyuk Iskandar yo‘lidan” xalqaro ekspeditsiya tashkil etildi. 

30 sentabr kuni esa G‘ofur G‘ulom uy muzeyida gretsiyalik tadbirkorlar va madaniyat arboblari uchun maxsus kecha tashkil etildi. Tadbir davomida mehmonlarga taniqli o‘zbek yozuvchisi G‘ofur G‘ulomning “Shum bola” asarini grek tiliga o‘girilgan tarjimasi taqdim etildi. 

Taqdimot marosimidan so‘ng xorijlik tadbirkorlar o‘zbek adabiyotining yorqin namoyandasi G‘ofur G‘ulom hayoti va ijodini tanishtiruvchi muzeyni tomosha qilishdi. Mehmonlarni G‘ofur G‘ulomning qizi Olmos Ahmedova kutib oldi va yozuvchi yashab, ijod qilgan uy bilan yaqindan tanishtirdi. 

G‘ofur G‘ulom uy-muzeyi Toshkent markazida joylashgan ikki qavatli shinam xonadon bo‘lib, u o‘z ichiga adabiy ekspozitsiya va memorial majmuani oladi. Adibning uyida uning sevimli kitoblari, foydalangan buyumlari, hattoki, ko‘zoynagi ham saqlanib qolgan. 

Asosiy qism – muzeyda esa G‘ofur G‘ulomning hayoti va faoliyatiga doir eksponatlar joylashgan bo‘lib, bu yerda mehmonlar o‘zini bir zumga bo‘lsa-da, yozuvchi-shoir olamiga tushib qolgandek his etishadi. 

G‘afur G‘ulom 1903 yil 10 mayda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U Oktyabr to‘ntarishidan keyingi yillarda muallimlar tayyorlov kursini bitirib, yangi usuldagi maktablarda o‘qituvchilik qildi. 1923 yildan bolalar uyida mudir va tarbiyachi, so‘ng «Kambag‘al dehqon», «Qizil O‘zbekiston», «Sharq haqiqati» ro‘znoma muharririyatlarida ishladi. 30-yillarda G‘afur G‘ulom hikoya, ocherk, fel'yetonlar qatori «Netay», «Yodgor», «Tirilgan murda» kabi qissalarini ham o‘z kitobxoniga taqdim etdi.

Ulug‘ Vatan urushi yillarida shoir o‘z ijodining butun haroratini fashist bosqinchilariga qarshi kurashayotgan xalqqa, uning muqarrar g‘alabasiga bag‘ishladi. Ayniqsa, shoirning «Kuzatish», «Sen yetim emassan», «Qish», «Bizning ko‘chada ham bayram bo‘lajak», «Vaqt», «Onalar» singari asarlarida dunyo xalqlarini fashizmdan xalos etgan jangchilarning mardona kurashlari tasvirlangan.

Mavzuga oid
Top