O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi «Madaniyat» chegara posti ochildi
Andijon viloyati bojxona boshqarmasi tasarufidagi «Madaniyat» chegara bojxona posti Andijon viloyati Paxtaobod tumani hamda Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatida istiqomat qiluvchi kishilar piyoda harakatlanishlari uchun 1 oktabrdan boshlab ochildi. Bu haqda shu kuni Andijon va Jalolobod viloyatlari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda qatnashgan Kun.uz muxbiri xabar qildi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayevning taklifiga binoan 5-6 sentabr kunlari qo‘shni davlatda bo‘lgandi. Tashrif doirasida o‘zbek va qirg‘iz xalqlari manfaatlariga xizmat qiluvchi qator kelishuvlarga erishilgan.
Chegara majmuasida Qirg‘izistondan tashrif buyurgan mehmonlar keng jamoatchilik hamda yoshlar vakillari ishtirokida karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi.
Tadbirda so‘z olgan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov hamda Jalolobod viloyati gubernatori Qiyonbek Sotibaldiyev ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari qadim tarixga ega ekani, ikki davlat rahbari uchrashuvi nafaqat ana shu do‘stlikni, balki ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy, madaniy va yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lida yangi sahifa ochganini ta'kidlashdi.
Shundan so‘ng, Andijon viloyati hokimi boshchiligidagi O‘zbekiston vakillari chegara posti orqali Jalolobod viloyati tomon o‘tishdi. Qardosh yurt vakillari mehmonlarni zo‘r tantana bilan kutib oldi.
Qo‘shnichilik munosabatlari, do‘stlik rishtalari hamda hamkorlikning yanada mustahkamlanishi, qo‘shni davlatga borish-kelishdagi to‘siqlar, ortiqcha rasmiyatchiliklar olib tashlangani, ayniqsa, asrlar davomida qo‘shni yashayotgan, tili, dili, dini bir ikki xalq aholisini behad quvontirdi.
«Madaniyat» chegara bojxona posti ayni damda piyodalar harakatlanishlari uchun ochiq. Post ish tartibi soat 07.00 dan 19.00 ga qadar etib belgilangan.
Elmurod Ermatov
Kun.uz sayti uchun maxsus tayyorlandi
Andijon-Jalolobod
Muallif olgan fotolavhalar
Mavzuga oid

20:42 / 20.05.2025
Qirg‘izistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi Andijonda sezildi

20:07 / 20.05.2025
Qirg‘izistonda sud majlislarini audio va videoga yozib olish majburiy bo‘ldi

16:41 / 15.05.2025
O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Sirdaryo uchun suv taqsimoti rejimlarini tasdiqladi

07:52 / 11.05.2025