O‘zbekiston | 19:20 / 02.10.2017
19974
3 daqiqa o‘qiladi

Mobil qurilmalarni o‘g‘irlash holatlariga qarshi yangi loyiha ishlab chiqilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Vazirlar Mahkamasining topshirig‘iga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni hisobga olish va olib kirish tizimini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori loyihasini ishlab chiqdi. Bu haqda vazirlik Axborot xizmati xabar bergan.

Mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasining Me'yoriy-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida aholi fikr-mulohazalari va munosabatlarini o‘rganish maqsadida e'lon qilingan. Ushbu qaror loyihasida O‘zbekistonga olib kirilayotgan mobil aloqa vositalarini hisobga olish, xususan mamlakatimizga olib kirilayotgan mobil qurilmalarning xalqaro identifikatsiya kodi (International Mobile Equipment Identity IMEI​) bilan majburiy ro‘yxatdan o‘tkazishni tizimini tartibga solish ko‘zda tutilgan.

Ushbu mexanizmning muqobillaridan ko‘plab xorijiy mamlakatlarda foydalaniladi. Bu tizim mamlakat ichkarisiga sertifikatsiz mobil aloqa qurilmalarini olib kirish hamda ulardan foydalanishga chek qo‘yadi va qarshi kurashadi. Shu bilan birga, qurilmalarni IMEI​-kod bilan ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi telekommunikatsiya tarmoqlari va vositalaridan ruxsatsiz foydalanishga qarshi kurash samaradorligi oshishi, mobil qurilmalarni o‘g‘irlash bilan bog‘liq holatlar kamayishi va bu turdagi o‘g‘irliklarga qarshi tezkor choralar ko‘rilishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, ushbu tizimning joriy qilinishi mahalliy mobil qurilma ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlashga, mahsulot ishlab chiqarish ko‘lami va sifatini oshirishga zamin yaratadi. Qaror loyihasiga ko‘ra, IMEI​-kodlaridan foydalanish va ularni ro‘yxatga olish masalalarini boshqarish va muvofiqlashtirish Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, tizimni ro‘yxatga olish operatori vazifasi O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish Respublika markazi, mobil qurilmalarga guvohnoma berish UNISON DUK zimmasiga yuklatilishi rejalashtirilgan.

Qarorda mobil qurilmalardan noqonuniy foydalanish, ularni uchinchi shaxsga berish maqsadida, IMEI-kodlarni o‘zgartirish (klonlashtirish, ko‘paytirish, boshqasiga almashtirish) kabi xatti-harakatlar qonunga zidligini belgilab qo‘yish hamda hujjatda tegishli ravishda IMEI-kodga ega bo‘lmagan mobil qurilmalardan foydalanayotgan abonentlarga mobil xizmatlarni ko‘rsatishni taqiqlash taklif qilinmoqda.