O‘zbekiston | 17:15 / 02.10.2017
25716
6 daqiqa o‘qiladi

Onlayn nazorat-kassa mashinalarini ishlatish majburiy qilib belgilanmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 sentabrdagi «Fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini qo‘llash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga sharh e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 72-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududida tovarlarni realizatsiya qilish, ishlar bajarish va xizmatlar ko‘rsatishda naqd pul bilan hisob-kitob qilish Nazorat-kassa mashinalarining davlat reyestriga kiritilgan fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini majburiy qo‘llagan holda amalga oshiriladi.

Fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarining qo‘llanilishi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 17 noyabrdagi 306-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomlar bilan tartibga solinadi.

Tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan aholi bilan naqd pulda amalga oshirilgan hisob-kitoblar to‘g‘risidagi ma'lumotlar nazorat-kassa mashinalarining fiskal xotirasida saqlanadi.

Hozirgi paytda tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan hisoblanadigan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar summasini kamaytirish, naqd pul tushumlarini bank kassalariga topshirmasdan yashirish maqsadida xaridorlarga nazorat-kassa mashinasi chekini bermaslik, nazorat-kassa mashinasini nosoz holatga keltirish, fiskal xotiradagi ma'lumotlarni qasddan o‘zgartirish, nazorat-kassa mashinalarini yo‘qotish orqali amalga oshirilgan tovar aylanmalari to‘g‘risidagi ma'lumotlar soxtalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, yirik savdo tarmoqlarida tovarlar hisobini yuritish, xaridorlarga nazorat-kassa mashinasidan chek berish yagona kompyuter tizimi orqali amalga oshirilishi sababli ulardagi naqd pul tushumlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarning ishonchliligi kafolatlanmaydi.

Naqd pul tushumlarining haqiqiy hajmini aniqlash maqsadida davlat soliq xizmati organlari xodimlari juda ko‘p vaqt talab etiladigan xronometraj tadbirlariga muntazam ravishda jalb qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 iyuldagi «Soliq ma'muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5116-son Farmoni bilan davlat soliq xizmati organlari tizimini isloh etishning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida soliq ma'muriyatchiligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilg‘or avtomatlashtirilgan tahlil uslublarini keng joriy etish, soliq to‘lovchilarga, eng avvalo, tadbirkorlik sub'yektlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotsiz elektron xizmat ko‘rsatishga to‘liq o‘tish belgilangan.

Ushbu vazifalar, shuningdek, yuqoridagi Farmon bilan tasdiqlangan «Davlat soliq xizmati organlari faoliyati va soliq ma'muriyatchiligining samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi»ning 8-bandi ijrosini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini qo‘llash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorda tovarlarni realizatsiya qilish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishda aholi bilan amalga oshiriladigan hisob-kitoblar hajmini aniqlash maqsadida 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyatlar markazlarida 500 tadan 1000 tagacha bo‘lgan onlayn nazorat-kassa mashinalari tajriba-sinov tariqasida amaliyotga joriy etiladi. 2018 yilning 1 iyulidan boshlab ushbu hududlardagi barcha yuridik shaxslar, 2018 yilning 1 dekabridan boshlab barcha yuridik va jismoniy shaxslar tovarlarni realizatsiya qilish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishda aholi bilan naqd puldagi hisob-kitoblarni majburiy tarzda faqat onlayn nazorat-kassa mashinalarini qo‘llagan holda amalga oshirish orqali bosqichma-bosqich joriy etish ko‘zda tutilgan.

Onlayn nazorat-kassa mashinalaridan kelib tushadigan fiskal ma'lumotlarni qabul qilish, qayta ishlash, saqlash va Davlat soliq qo‘mitasiga uzatish fiskal ma'lumotlar operatori tomonidan amalga oshiriladi.

Fiskal ma'lumotlar operatori funksiyasini bajaradigan yuridik shaxs Davlat soliq qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda aniqlanadi.

Mazkur qarorning qabul qilinishi bilan:

birinchidan, xaridorlarga berilgan nazorat-kassa mashinalari cheklarining markazlashgan elektron ma'lumotlar bazasi yaratiladi va nazorat-kassa mashinalaridan foydalanmayotgan savdo shoxobchalarini onlayn rejimda aniqlab, tezkor choralar ko‘rish imkoniyati yaratiladi;

ikkinchidan, nazorat-kassa mashinalari orqali xaridorlarga berilgan cheklar haqidagi ma'lumotlarni qasddan o‘zgartirish, tushum summasini kamaytirish, nazorat-kassa mashinalarini yo‘qotish, buzish yoki ro‘yxatdan o‘tmagan nazorat-kassa mashinalaridan foydalanish, shuningdek, ikkilamchi buxgalteriya yuritish kabi holatlarga chek qo‘yiladi;

uchinchidan, onlayn nazorat-kassa mashinalarining kassa cheklaridagi raqamlar unikal (takrorlanmaydigan) bo‘lganligi sababli ularni soxtalashtirishning oldi olinadi, tadbirkorlik sub'yektlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotsiz elektron xizmat ko‘rsatiladi, aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshirish jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini tatbiq etishning yangi bosqichga ko‘tarilishi ta'minlanadi.

Shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlarining naqd pul tushumi bilan bog‘liq faoliyatiga aralashish va turli xil nazorat tadbirlari o‘tkazilishining kamayishiga olib keladi.

Hujjat Qonunchilik milliy bazasida rasman e'lon qilingan va 2017 yil 30 sentabrdan kuchga kirgan.

Mavzuga oid