«O‘qdan qochishga joy topilmadi». AQSh tarixidagi eng yirik ommaviy qotillikni kim sodir etdi?
1 oktabr oqshomida Las-Vegasdagi kantri-festival ishtirokchilari o‘qqa tutildi. Jinoyatchi «Mandalay Bey» mehmonxonasining 32-qavatidagi xonadan turib pastdagi minglab kishilar ustiga o‘q yog‘dirdi. 59 kishi o‘limi va 500dan ortiq kishi jarohatlanishi bilan yakunlangan bu qonli hodisa Qo‘shma shtatlar tarixidagi eng yirik ommaviy qotillik bo‘ldi.
Qochishga joy topilmasdi
Fojia ro‘y bergan kuni Las-Vegasning eng mashhur ko‘chalaridan birida tashkil etilgan festivalga 30 mingga yaqin kishi tashrif buyurgan edi. Dastlabki o‘q ovozlari eshitilganidan so‘ng maydonda vahima boshlandi. Jinoyatchi tanaffus qilib avtomat o‘qdonini bo‘shatardi.
Route 91 Harvest Festival ishtirokchilari Jyeyson Oldinning qo‘shiqlari yangrayotgan vaqtda o‘q ovozlarini dastlab payqamadi. Musiqa to‘xtagach, hamma duch kelgan tomonga qocha boshladi. Ammo yuqorida turgan qotil ham duch kelgan tomonga o‘t sochardi.


Jon saqlash uchun tezroq chopish va bu yerdan ketish talab etilardi. Minglab kishilar yo‘l chetlaridagi to‘siqlar, kioskalar va mashinalar ortiga bekinishga harakat qilishardi.




Hududga yetib kelgan maxsus xizmatlar xodimlari jinoyatchini joyidan chiqarish uchun portlovchi moddalardan foydalanishdi, xonaga bostirib kirilganida u jonsiz bo‘lgan, u o‘zini o‘ldirgan. Xonada o‘nlab qurollar bo‘lgan.

Keyinroq uning shaxsi aniqlandi, bu 64 yoshli pensioner Stiven Peddok edi. Peddok 28 sentabr kuni «Mandalay Bey» mehmonxonasidan xona olgandi.

Avvaliga IShID Peddokni o‘z askari deb atab, hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Peddok bir necha oy oldin islom dinini qabul qilgani ham qo‘shimcha qilindi. Ammo ko‘p vaqt o‘tmasdan Federal qidiruv byurosi qotil va jangarilar o‘rtasida hech qanday aloqalar yo‘qligini ma'lum qildi.
Shu bilan birga amerikalik bu pensioner hujumni uyushtirishdan avval hech qanday talablarni ilgari surmagan, unda qonun bilan bog‘liq muammolar bo‘lmagan, u alkogolik yoki narkotik ham emasdi.
Uni jinoyatga undagan sabablar sirligicha qolmoqda. «Men bu jinnining boshida ne o‘y bo‘lganini bila olmayman», — deya qayd etgan politsiya sherifi jurnalistlar bilan muloqot vaqtida.
Hisobchi va uchuvchi. Muqaddam sudlanmagan
Politsiya ma'lumotiga ko‘ra, Stiven Kreyg Peddok — 64 yoshli AQSh fuqarosi. U 1953 yilning aprelida tug‘ilgan. Politsiya u qurolli kuchlar faxriysi ekani haqidagi xabarlarni inkor etdi.
Uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi aniqlanmadi. Ijtimoiy tarmoqlarda Peddokning surati ekani aytilgan suratlar tarqalgandi, ammo bu ma'lumot tasdig‘ini topmadi.
ABC News telekanali ma'lumotiga ko‘ra, Stiven auditor va buxgalter bo‘lib ishlagan, u ma'lum muddat Mudofaa vazirligi uchun ko‘chmas mulk topib berish bilan shug‘ullanuvchi pudratchi firmada ham faoliyat yuritgan. Uning qarindoshlari Peddok tez-tez ishdan bo‘shatilgani haqida aytishdi, uni nega ishdan bo‘shatishgani sabablari keltirilmadi.
Ochiq ma'lumotlarga ko‘ra, Peddok 27 marta turarjoyini o‘zgartirgan, u Florida, Nevada, Texas va Kaliforniya shtatlarida yashashga ulgurgan. 2016 yil yozida u 17 ming aholiga ega Meskit shaharchasida (Nevada shtati) istiqomat qila boshlagan. Meskit — asosan keksalar yashaydigan shaharcha bo‘lib, unda golf maydoni va kichik kazino keksa kishilarni qiziqtirgan. Bu Las-Vegasdan 130 kilometr uzoqlikdagi shaharcha (bu masofani mashinada 1 soatu 15 daqiqada bosib o‘tish mumkin).
Peddok hech qachon sudlanmagan. Ammo huquq tartibot organlari xodimlari u ko‘p marta avtomobil boshqarishda huquqbuzarliklar sodir etganini aniqlashdi. Meskit politsiyasi ham Stivenda qonun bilan muammolar bo‘lmaganini tasdiqladi.
Peddok kamida bir marta kazino bilan sudlashgan. 2013 yilda u ko‘ngilochar xizmatlar ko‘rsatuvchi Cosmopolitan Hotels & Resorts Inc. kompaniyasi bilan sudlashgan, u kompaniyani noqulay sharoitlar tufayli o‘zi yiqilib jarohatlanishiga sababchi sifatida ayblagandi. Ammo da'vo rad etilgan.
U 2003 yilda xususiy uchishlarni amalga oshirish litsenziyasiga ega bo‘lgan, unga bir motorli samolyotlarda uchishga ruxsat bor edi. U oxirgi marta 2008 yil fevralida tibbiy ko‘rikdan o‘tgandi. Peddokda ikki samolyot bor edi. Uning samolyotlari turadigan aeroport direktori bu mijozi bilan muammolar bo‘lmaganini aytdi: «U hamisha barcha hujjatlarni to‘g‘ri olib borgan». Peddok ovchilik litsenziyasiga ham ega edi, u Alyaskada yashaganida bunga huquqni qo‘lga kiritgan.
Oilaviy nizolar haqida ma'lum emas. Las-Vegas «mergani»ning ukasi Erik Peddok bu voqeadan shok holatiga tushganini aytib berdi: «Xuddi bizning oilamizga asteroid qulagandek». Erikning ishontirib aytishicha, akasi dindor ham bo‘lmagan, siyosatga ham qiziqmagan. «Qandaydir voqea uni izdan chiqargan ko‘rinadi», — deya qo‘shimcha qilgan Erik.
Erikning so‘zlariga ko‘ra, Stiven Peddok «Meskitda yashagan va Las-Vegasga ko‘ngilxushlik qilish uchun kelgan odatdagi yigit» edi. Huquq tartibot organlari ma'lumotlariga ko‘ra, keyingi haftalarda u kazinoda bir necha marta katta mablag‘ tikkandi.
Peddok xotini bilan ajrashgan. Uning shaxsiy hayotidagi boshqa jihatlar hozircha ma'lum emas.
Business Insider nashri yozishicha, Stiven Peddokning otasi uzoq vaqt davomida qidiruvda bo‘lgan. 1969—1977 yillarda Benjamin Xoskins Peddok AQShdagi eng xavfli jinoyatchilar ro‘yxatiga kirgan. Shifokorlar katta Peddokni rasman o‘z joniga qasd qilishga moyil bo‘lgan psixopat deb tan olgan, u banklarni o‘margan va avtomobillarni olib qochgan. Arizonadagi banklarga uyushtirilgan bir nechta qurolli hujumlardan so‘ng u sudga berilgan va 20 yilga qamalgan. Ammo 1969 yilda katta Peddok qamoqdan qochgan va uzoq vaqt davomida qidiruvda bo‘lgan.
1980 yillarda u go‘yoki yangi hayot boshlamoqchi bo‘lgan, biroq oxir-oqibat uning tovlamachiligi fosh qilingan. Bir necha yil avval katta Peddok vafot etgan.
Dastlabki ma'lumotlarda Peddokning yonida bir ayol ham bor bo‘lgani aytildi. Hodisa ro‘y bergach, Meril Denli qidiruvga berildi. Uning surati departament tvitterida e'lon qilindi.
Denli 62 yoshda bo‘lgan. Politsiya ma'lumotiga ko‘ra, u 2017 yil yanvaridan boshlab Meskitda Stiven Peddok bilan birga yashay boshlagan. Bungacha Arkanzas, Tennesi va Ohayo shtatlarida istiqomat qilib kelgan.
Peddokdan farqli ravishda Denli ijtimoiy tarmoqlarning faol foydalanuvchisi bo‘lgan. U o‘zini bir necha o‘rinda «ona va buvi ekanidan faxrlanishi»ni aytib o‘tgan.
LinkedIn ma'lumotiga ko‘ra, u o‘tmishda kazinolarda ishlagan, jumladan, Nevadadagi kazinoda ham.
CNN telekanali xabar qilishicha, keyinroq Denli shu kuni Filippinda bo‘lganini tasdiqladi. Uni AQShga tergov uchun qaytarish bo‘yicha harakatlar boshlangan.
Tramp va o‘qotar qurollar
Las-Vegas shahri joylashgan Nevada shtatida qonunlar yumshoq. Istalgan kishi qurol ko‘tarib yurishi mumkin. Mahalliy aholi qurolga ro‘yxatdan o‘tkazmasdan egalik qilishi, xususiy tartibda qurol sotib olishi mumkin.
Matbuot AQSh prezidenti Donald Tramp bu boradagi qonunni qattiqlashtirishga harakat qilmaganiga e'tiborni jalb etmoqda.
Tramp tvitterda fojiaga munosabat bildirdi: "Las-Vegasdagi qo‘rqinchli voqeada qurbon bo‘lganlarning yaqinlariga chuqur hamdarlik bildiraman. Alloh panohida asrasin". Prezident Nevadaga borishga va'da berdi.
U ushbu fojia munosabati bilan 5 kunlik motam e'lon qildi. Motam 6 oktabr, juma kunigacha davom etadi.
Otishma qurbonlariga hurmat ramzi sifatida AQSh bayrog‘i Oq uy va federal hukumatning barcha binolarida tushiriladi.
Shuningdek, Trampning ko‘rsatmasiga binoan mamlakat milliy bayrog‘i AQSh elchixonalari, rasmiy vakolatxonalari, konsullik muassasalari va xorijdagi boshqa obektlar, jumladan, harbiy obektlar va harbiy-dengiz kemalarida ham tushiriladi.
Tavsiya etamiz
Bozor – go‘sht narxi haqida: “Yem-xashak qimmat, mol boqish oson bo‘lmay qoldi”
O‘zbekiston | 17:00 / 27.05.2025
Poytaxt bosh rejasi interaktiv xaritada: unda nimalar aks etgan?
O‘zbekiston | 14:30 / 27.05.2025
“Viza berishni osonlashtirish haqida gap-so‘z yo‘q” – AQSh elchixonasi
O‘zbekiston | 19:28 / 26.05.2025
Makron Vetnamga tashrifi chog‘ida rafiqasidan shappati yedi
Jahon | 16:40 / 26.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Qonunbuzarlikda gumon qilinganlarning xorijga chiqishini vaqtincha taqiqlovchi qonun ma’qullandi
O‘zbekiston | 17:52
-
Osiyoda COVID yana keng tarqaldi, hukumatlar niqob taqishga chorlamoqda
Jahon | 17:25
-
Chery gazga o‘tmoqda: kafolat to‘liq saqlanib qoladi, o‘rnatish esa 31 maygacha bepul!
O‘zbekiston | 17:00
-
Rossiyada chet elga pul o‘tkazishning yangi tartibi joriy qilinadi
Jahon | 16:53
Mavzuga oid

18:40 / 05.01.2025
Las-Vegasdagi portlash: haydovchi amerikaliklarga xat qoldirgan

11:14 / 03.01.2025
Yangi Orleandagi fojia: hujum qilgan shaxs haqida nimalar ma’lum?

08:33 / 03.01.2025
Las-Vegasda Cybertruck'ni portlatishda harbiy xizmatchi gumonlanyapti

08:43 / 02.01.2025