Sport | 16:40 / 04.10.2017
19191
3 daqiqa o‘qiladi

Ravon Rossiya terma jamoasining rasmiy homiysiga aylandi

Foto: Ravon.ru

Rossiya avtomobil bozorida RAVON brendini taqdim etib kelayotgan «Ravon Motors Rus» kompaniyasi 2017 yilning 1 oktabrdan boshlab Rossiya terma jamoasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda Rossiya futbol ittifoqi rasmiy sayti xabar tarqatdi.

Manba bergan xabarga ko‘ra, ikki tomonlama hamkorlik Rossiya terma jamoasining 7 va 10 oktabr kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Janubiy Koreya va Eron terma jamoalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlaridan boshlanadi. Kelishuvga ko‘ra kompaniya keng ko‘lamdagi imidj va reklama huquqlari, jumladan «RAVON— futbol bo‘yicha Rossiya terma jamoasining rasmiy homiysi» nomli titulidan ham foydalanishi mumkin bo‘ladi.

«Rossiya terma jamoasi bilan aloqalar o‘rnatganimizdan xursandmiz. Mamlakatning bosh jamoasi bilan ko‘zda tutilgan hamkorlik RAVON markasida avtomobillarga bo‘lgan qiziqishni oshishiga, bu nomdagi brend sportga qiziquvchi yoshlar o‘rtasida yanada ommalashishiga xizmat qiladi, deb ishonamiz», degan «Ravon Motors Rus» Bosh direktori Sharof Ashurov.

Ravon – 2015 yildan buyon General Motors Uzbekistan kompaniyalari mahsulotlarini Rossiya bo‘ylab taklif qilayotgan yangi brend bo‘lib, u Rossiyada 20 yildan ortiqroq vaqt davomida 1 milliondan ortiq avtomobil sotgan Uz-Daewoo brendining o‘rniga tashkil etilgan.

Ravon – «Reliable Active Vehicle ON road» atamalarining qisqartmasi bo‘lib tarjima qilinganda «yo‘lda umidli, faol harakatlanuvchi avtomobil» ma'noasini beradi. Shuningdek Ravon so‘zi o‘zbekchadagi asl ma'nosini saqlab qolgan bo‘lib, tekis, to‘g‘ri ma'nolarida ham keladi va buni yo‘lga nisbatan tekis va ravon yo‘l ma'nosida ham ishlatish mumkin bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, hozirgi kunda Ravon Rossiya bozoriga to‘rt turdagi Ravon R2 (Spark), Ravon Nexia, Ravon R4 (Cobalt) va Ravon Gentra markali avtomobillarini taklif qilib kelmoqda.

Mavzuga oid