Iste'foga chiqarilgan murabbiy faoliyatini o‘rganishda, uning so‘nggi emas, dastlabki qarorlarini tahlil qilish kerak. Balki u xatoni eng boshida, mana shu klubni tanlayotganda qilgandir?.. 

«Bavariya» italiyalik mutaxassis Karlo Anchelottini iste'foga chiqardi. Doimo bunday voqealar sodir bo‘lganda, vaziyatni klub tomonidan tahlil qilinadi va tayinlovning ne qadar to‘g‘ri va noto‘g‘ri bo‘lgani haqida fikrlar yangraydi. Lekin o‘z navbatida, har qanday iste'fo murabbiy uchun ham juda muhim nuqtadir. 

Klub uchun bosh murabbiy tanlash qay darajada mas'uliyatli va muhim ish bo‘lsa, murabbiy uchun ham shunaqa – o‘zi uchun klub tanlayotganda juda ehtiyotkor bo‘lishi talab etiladi. Muvaffaqiyatli murabbiy bo‘lishning asosiy kaliti ham shunda – agar mutaxassis unga taklif qilinayotgan vazifaning o‘zi uchun qanchalik mos yoki mos emasligini payqay olsa, shunga qarab qaror qabul qiladi, tabiiyki, uning faoliyati ham mana shu qarorlar ustiga quriladi. Doimo to‘g‘ri qarorni qabul qiladigan murabbiy hech qachon omadsizlikka uchramaydi, go‘yoki ishlagan hamma joyida g‘alaba qozongandek taassurot qoldiradi, narxi oshadi, top murabbiylar sirasiga kirib boradi. 

Doimo xuddi mana shunday barqaror va ijobiy natijalarning kafolati sifatida tilga olinib kelgan Karlo Anchelotti ishlagan so‘nggi 4 klubidan 3tasida muddatidan oldin iste'foga chiqarilishi, albatta, biroz g‘alati tuyuladi. Papa Karlo ilgarigidek emasmi yoki tanlovlarda xato qila boshladimi? Aynan tanlovlardagi xatoliklar uning ilgarigidek emasligini ko‘rsatmayaptimi? Yoki aslida u aynan Italiya jamoalari uchun mos bo‘lgan xolosmi?

Aslini olganda, Anchelottini iste'foga chiqargan o‘sha 3 klub o‘rtasidagi o‘zaro o‘xshashliklarni topa olsak, murabbiyga xalaqit beradigan omilni topgandek bo‘lamiz: «Chelsi», «Real» va «Bavariya». 

«Chelsi», 2009-2011

Foto: Chelsi

«Yuventus» va «Milan»dagi muvaffaqiyatli yillardan so‘ng, Anchelotti 2009 yilda «Chelsi» bosh murabbiyi etib tayinlandi. Murabbiy ilk mavsumdayoq «Manchester Yunayted»ning 3 yillik hukmronligiga barham berdi va «Chelsi»ni yana mamlakat chempioniga aylantirdi. Shu bilan birga mamlakat kubogi ham qo‘lga kiritildi. Ammo kelasi yili, sovrinsiz kechgan ilk mavsumdayoq u iste'foga chiqarildi. Abramovichning murabbiylar bilan o‘ziga xos munosabati yangilik emas, lekin ikkinchi mavsumda ham ajoyib start namoyish etgan Anchelottiga nima xalaqit bergandi?