10:20 / 04.10.2017
24623

Video: Tramp puerto-rikoliklarni kamsitdi

Foto: E! Online

3 oktabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp «Mariya» dovulidan jabr chekkan Puerto-Rikoga keldi. Karib dengizi hududidagi ushbu orol aholisi — amalda AQSh fuqarolari hisoblanishadi.

Qo‘shma Shtatlar prezidenti mahalliy hukumat rahbarlari bilan uchrashuv vaqtida ular talofat miqdori kamligi bilan «faxrlanishi» mumkinligini aytgan (o‘sha vaqtda 16 kishi bo‘lgan, ayni vaqtga kelib tabiiy ofat qurbonlari soni 40 nafarga yaqinlashdi), u bu o‘rinda 2005 yilgi «Katrina» to‘foni 1833 kishini hayotdan olib ketganini eslatgan.

Tramp brifing vaqtida ham, undan keyin ham puerto-rikoliklarni kamsitgan. Brifing vaqtida u shunday degan: «Sizlar byudjyetga zarar yetkazdingiz, ammo hechqisi yo‘q».

Foto: NY Daily News

Tramp brifingdan keyin cherkovda mahalliy aholi vakillari bilan uchrashgan. «Bu yerda ko‘p sevgini, ko‘p-ko‘p sevgini ko‘rmoqdaman», — degan u jabrlanuvchilarga gumanitar yordam mahsulotlari tarqatishni boshlar ekan.

Avvaliga prezident yig‘ilganlarga bir necha paketda guruch bergan, keyin mahsulotlarni tarqatishda noodatiy usulni qo‘llagan: u qog‘oz salfetkalarni odamlar ustiga irg‘ita boshlagan.

The Hill nashrining qayd etishicha, odamlar u irg‘itgan salfetkalardan faqat ikkitasini ilib olishgan, qolganlari polga tushgan.

Ijtimoiy tarmoqda Trampni basketbolchi Kobi Brayant bilan taqqoslasha boshladi.

BuzzFeed Trampning Puerto-Rikoga ilk tashrifi haqida shunday yozdi:
Trampning Puerto-Rikoga tashrifi
1) Odamlar ustiga qog‘oz salfetkalar irg‘itish;
2) «Mariya» «Katrina» bilan taqqoslaganda qo‘rqinchli emas;
3) Elektr tokisiz qolgan oilani yupatish uchun «Vaqtni yaxshi o‘tkazing», deyish.

«Mariya» dovuli Puerto-Rikoga 20 sentabr kuni yopirildi. Tabiiy ofat kuchlilik darajasining eng yuqori — beshinchi bosqichiga chiqdi. Aholi ichimlik suvi va elektr tokisiz qolgan. Orolda aloqa vositalari ishlamayapti, yonilg‘i tugamoqda. Aeroport cheklangan imkoniyatlar bilan ishlamoqda. Vaziyat mahalliy byudjyetda mablag‘ kamligi tufayli og‘irlashmoqda.

Mavzuga oid
Top