O‘zbekiston | 20:10 / 05.10.2017
25440
4 daqiqa o‘qiladi

Atamboyev - Mirziyoyevga: «Siz nafaqat O‘zbekiston, Qirg‘iziston xalqi ham kutgan prezidentsiz»

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboyev bugun Toshkentda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakuniga bag‘ishlab ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Qirg‘izistondagi millatchilar va demagoglar haqida so‘z ochdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 6 yil prezidentlik davrida tashqi kuchli, turli siyosatchilar va siyosatdonlar tomonidan uyushtirilgan chegaralardagi to‘qnashuvlar uning uyqusiz tunlariga sabab bo‘lgan.

«Ular katta talofat yetkazishlari mumkin edi. Eslayman, siyosatchilarning biri, ayni paytda prezidentlik uchun nomzod chegaraning bahsli hududini borib kuch bilan egallashga chaqirgan edi. Belgilanmagan va cheklanmagan chegara turli demagoglarni qo‘rqinchli xatti-harakatlarga undaydi», — deya iqror bo‘ldi Almazbek Atamboyev.

«2010 yilgi fojiali voqealardan so‘ng bizda millatchilar bosh ko‘tardi. Hozir ular baynalmilalchilar bo‘lib olishgan, chunki biz millatchilik va separatizm uchun qamay boshladik. Uch kishi millatlararo nifoq urug‘ini sochganlik uchun jinoiy muddatlarga hukm qilindi. Men «Manas»ni o‘qiganimda u o‘z xalqini quroqlardan yiqqani haqidagi so‘zlarga ko‘zim tushdi. Shunda men homiylarni topib markaziy maydonda Manasga haykal o‘rnattirdim. O‘shanda shaharda Manasga yana bitta haykal nega kerakligi haqida gapira boshlashdi. Bu shuning uchun kerakki, qirg‘izlar ko‘pmillatli xalq ekanligimizni unutmasliklari kerak. Biz buni esdan chiqarmasligimiz, millat, ko‘z bichimi, tana rangiga qarab ajralmasligimiz kerak. Fikrimcha, qandaydir kuchlar bizda boshqa fojia alangasini yoqa olishmaydi, onalar ko‘z yoshi ortiq to‘kilmaydi», — dedi Almazbek Atamboyev.

Almazbek Atamboyev Qirg‘iziston tarixida qanday iz qoldirishni xohlayotganini ham aytib o‘tdi.

«Men siz (Sh.Mirziyoyev) bilan birgalikda tarixda mojarolar, minalar va bahsli hududlar chegarasini do‘stlik chegarasiga aylantirgan prezidentlar sifatida qolmoqchiman», — dedi Almazbek Atamboyev.

«Biz o‘rtadagi barcha savollarni olib tashlagan prezidentlar sifatida yodda qolishimizni istardim. Fikrimcha, shu oy mobaynida, masalan, Cho‘lpon-Otada uchrashishimiz ham mumkin. Balkim o‘sha vaqtgacha qolgan savollarni ham hal qilarmiz. Ha, biz endi yagona davlat tuza olmaymiz, lekin bir-birimiz bilan hamjihat bo‘lib ishlashimiz va rivojlanishimiz mumkin. Oldinda birodar xalqlarimizga katta manfaat keltiruvchi ulkan ishlar bizni kutib turibdi. Vakolatimni yangi prezidentga topshirgunimga qadar qolgan hujjatlarni ham imzolaymiz. Fikrimcha, keyingi prezident ham shu yo‘lni davom ettiradi. Asosiysi, bu yo‘lni siz ochdingiz, Shavkat Miromonovich. Siz nafaqat O‘zbekiston xalqi, Qirg‘iziston ham kutgan prezidentsiz», — dedi Almazbek Atamboyev.

Mavzuga oid