Jahon | 18:40 / 05.10.2017
17718
4 daqiqa o‘qiladi

Putin – Ol Saud muzokaralari: Iroq hududiy yaxlitligi va Falastin masalasi, jahondagi neft narxi

FOTO: © RIA Novosti / Sergey Guneyev

Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdul Aziz Ol Saud bugun Moskvada Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin bilan o‘tkazilgan muzokaralar chog‘ida Iroqning birligi va hududiy yaxlitligini saqlab qolish muhim ekanligini ta'kidlab o‘tdi. Bu haqda RIA Novosti yozadi.

«Biz Iroqning birligi va hududiy yaxlitligini saqlab qolishning ahamiyatini alohida qayd etamiz», degan Saudiya Arabistoni podshohi.

Muzokaralar chog‘ida Saudiya Arabistoni shuningdek, terrorchilikka qarshi kurashish xalqaro markazi tuzishga chaqirgan.

«Bugun jahon hamjamiyati ekstremizm, terrorizm va uni moliyalashtirish manbalariga qarshi kurash uchun sa'y-harakatlarini faollashtirishga kirishgan», dedi podshoh kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar chog‘ida.

«Terrorizm va ekstremizm ortidan davlatlar va xalqlar uchun keladigan ulkan tahdidni anglab», podshohlik BMT shafeligida terrorizmga qarshi kurash xalqaro markazi tuzishga chaqirdi, bunday markaz uchun 110 million dollar ajratildi, dedi Ol Saud.

Saudiya Arabistoni umumbashariy terrorizm va «Islom davlati»ga qarshi kurashish uchun Islom harbiy koalitsiyasini ham tuzgan, deya eslatib o‘tdi podshoh.

Arablarning tinchlik tashabbusi Yaqin Sharqda adolatli tinchlik o‘rnatilishi, buning ortidan Falastinning poytaxti Sharqiy Qudsda bo‘lgan o‘z davlatini qurish huquqini ta'minlashi kerak, dedi Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdul Aziz Ol Saud.

«Biz Falastin xalqining azoblariga chek qo‘yish zaruriyatini ta'kidlaymiz, falastinliklarning poytaxti Sharqiy Qudsda bo‘lgan o‘z davlatini qurish huquqini ta'minlaydigan, umumqamrovli, adolatli va doimiy tinchlikka erishilishi uchun asos bo‘ladigan arab tinchlik tashabbusi va xalqaro qonunchilik qarorlarini qo‘llab-quvvatlaymiz», dedi podshoh Salmon RF prezidenti Vladimir Putin bilan kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar mobaynida.

Arab tinchlik tashabbusi Arab davlatlari ligasi tomonidan 2002 yilda qabul qilingan va unda Yaqin Sharqdagi mojarolarni yakunlash uchun bosh shart sifatida Isroilning bosib olingan hududlardan chiqib ketishi va Falastinni tan olishi belgilangan.

Saudiya Arabistoni jahon neft bozorlarida barqarorlikka erishish uchun RF bilan hamkorlikni davom ettirishga intiladi, deya ta'kidlab o‘tdi podshoh.

«Jahon neft bozorlarida barqarorlikka erishish uchun biz davlatlarimiz o‘rtasidagi pozitiv hakorlikni davom ettirishga urinamiz, bu esa jahon iqtisodiyotining o‘sishiga xizmat qiladi», — dedi Saudiya Arabistoni podshohi.

RF va Saudiya Arabistoni koinot fazosida tinchlik maqsadlarida hamkorlik qilish va tadqiqot o‘tkazish haqida bitim ham imzolashdi.

Rossiya prezidenti bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida podshoh uni o‘z mamlakatiga tashrif buyurishga taklif etdi. RF prezidenti Vladimir Putin podshohning bu taklifidan albatta foydalanishini ta'kidlab o‘tdi:

«Zoti Oliylari, katta tashakkurlar. Taklif uchun rahmat. Men mamlakatingizga avvalgi tashrifimni yaxshi eslayman. Sizning Saudiya Arabistoniga tashrif buyurish taklifingizdan albatta foydalanaman», — dedi Vladimir Putin muzokaralar chog‘ida.

Mavzuga oid