17:15 / 05.10.2017
11547

Rossiya Saudiya Arabistoniga 3 mlrd. dollarlik qurol yetkazib bermoqchi

Foto: © RIA Novosti / Valeriy Melnikov

Rossiya Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdul Aziz Ol Saud tashrifiga harbiy-texnik hamkorlik sohasida 3 milliard dollardan ortiq summadagi shartnomalar to‘plamini tayyorlagan, deb xabar beradi «Kommersant'» gazetasi o‘z manbalariga tayanib.

Nashr hamsuhbatlarining ma'lumotlariga ko‘ra, bu to‘plamga S-400 «Triumf» raketa tizimlarining bir necha divizionini yetkazib berish ham kiradi.

Shartnomalarni imzolash bugun — podshohning Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazish kuniga mo‘ljallanmagan, biroq bunday istiqbol uchrashuv natijalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq. Uchrashuv ijobiy yakunlansa, hujjatlar harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha oktabr oyi oxirlarida bo‘lib o‘tadigan Rossiya-Saudiya hukumatlararo komissiyasi majlisida imzolanishi mumkin.

Nashrning qayd etishicha, Rossiya tomoni o‘n yildan buyon Saudiya qurol-yarog‘ bozoriga kirishga harakat qiladi. Bu borada muzokaralar o‘tkazilgan, lekin shu vaqtgacha birorta shartnoma imzolanmagan.

Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdul Aziz Ol Saud ilk marta rasmiy tashrif bilan Rossiyaga keldi. Bugun monarx Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan, ertaga esa bosh vazir Dmitriy Medvedev bilan uchrashadi.

Top