18:05 / 06.10.2017
11690

«Bunyodkor» Samarqandda yana durdona gol urdi va finalga chiqdi

O‘zbekiston Kubogi yarim final javob uchrashuvida Samarqandning «Dinamo» klubi Toshkentning «Bunyodkor» klubini qabul qildi. Ushbu jamoalarning 21 sentabr kuni O‘zPFL 22-turi doirasida Samarqandda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi 0:2 hisobida «qaldirg‘ochlar»ning g‘alabasi bilan yakunlangan edi.

O‘sha o‘yinning 5-daqiqasida Rustam Ashurmatov 45 metrlardan «arslonlar» jamoasi darvozasini bexato nishonga olib, juda chiroyli gol muallifi bo‘lgan, yakunda dublga erishgan edi.

Bugungi o‘yinda ham «Bunyodkor» juda kam kuzatiladigan go‘zal gol urdi. Birinchi bo‘lim yakunlanib borayotgan bir paytda «qaldirg‘ochlar» jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovning o‘g‘li Mirjamol Qosimov burchak to‘pini hech kimga tekkizmasdan Temur Jo‘rayev qo‘riqlayotgan darvozaga yo‘lladi.

Bungacha 19-daqiqadan Shohrux Gadoyev o‘zining chap qanotidan yorib kirib, «Dinamo» jarima maydoniga to‘pni havolatgan, Otabek Shukurov esa boshi bilan gol urib, o‘yindagi hisobni ochgan edi.

Bugungi uchrashuv ham «Bunyodkor»ning 0:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. «Dinamo» 12-o‘yindirki, raqib darvozasiga yo‘l topa olmayapti. «Bunyodkor» esa «Nasaf» va «Lokomotiv» jamoalari o‘rtasida ertaga bo‘lib o‘tadigan yarim final javob uchrashuvidan keyin o‘zining finaldagi raqibini bilib oladi. Birinchi o‘yinda «temiryo‘lchilar» 3:1 hisobida g‘alaba qozonishgan.

O‘zbekiston kubogi-2017.
Yarim final, javob uchrashuvi

«DINAMO» - «BUNYoDKOR» 0:2 (0:2)

Gollar: Otabek Shukurov (19), Mirjamol Qosimov (45)

Birinchi o‘yin — 0:0.

«Dinamo»: T.Jo‘rayev, A.Bozorov, J.Azimov, R.Rogak, Sh.Xolmatov, A.Nikolayev (S.Sulaymonov, 46), A.Safarov, I.Xolmirzayev, A.Oraxovats, J.Qurbonov (M.Isayev, 46), F.Tojiyev.

«Bunyodkor»: M.Zuhurov, R.Ashurmatov, A.Komilov, A.G‘ofurov, J.Ibrohimov, D.Hamdamov (Sh.Nurmatov, 86), D.Ahmadaliyev, Sh.Gadoyev (F.Ikromov, 77), O.Shukurov, M.Qosimov, Sh.Norxonov (V.Shodiyev, 82).

Ogohlantirishlar: A.Safarov 24, T.Jo‘rayev 58, S.Sulaymonov 74, J.Azimov 90 — D.Ahmadaliyev 45

Chetlatish: A.Safarov (41 - ikkinchi ogohlantirish)

Top