19:20 / 06.10.2017
20960

O‘zbekistonda 12 mingdan ortiq notinch oila mavjud

2017 yil 6 oktabr kuni Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi Bosh boshqarmasi tomonidan matubot anjumani tashkil etildi. Brifing davomida boshqarma vakillari hamda boshqa tegishli davlat organlari vakillari mamlakatda huquqbuzarliklarning oldini olishda qilinayotgan ishlar, sohadagi mavjud muammolar va rejadagi tadbirlar haqida to‘xtalib o‘tishdi.

Hozirda respublikada qariyb 9 millionga yaqin oiladan 308 875tasi kam ta'minlangan oila hisoblanadi. Shulardan 12 mingdan ortig‘i notinch, 5 mingga yaqini noqobil oilani tashkil etadi. 50 mingga yaqin yoshlar esa IIV nazoratida turadi.

«Hozirda IIV oldida turgan eng asosiy masalalardan yana biri bu voyaga yetmaganlar orasida jinoyatlar oldini olishga erishishdir. Joriy yilda O‘zbekistondagi 9683 maktabda 5 milliondan ortiq, 1555ta akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida 1 milliondan ortiq o‘quvchilar tahsil oladi. Qarovsizlik, nazoratsizlik natijasida o‘quvchilar orasida sodir etilgan jinoyatning eng asosiy qismi o‘g‘rilikni tashkil etadi. Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan normativ hujjatga asosan, endilikda qaysi mahallada jinoyat sodir etilsa, shu hududga mas'ul profilaktika inspektori ish haqidan 30-50 foiz ushlab qolinadi. Aksincha, mahallada tinchlik, tartib bo‘lib, jinoyatlar sodir etilmasa, xodimning maoshiga rag‘batlantiruvchi qiymat qo‘shib boriladi», deya xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi Bosh boshqarmasi boshlig‘i Aziz Ikromov.

Shu yilning 17 sentabr sanasida Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani, Yangi hayot qo‘rg‘onida Politexnika kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Hasan Abdurasulov sherigi Vladislav Li bilan birga Sanoat servisi kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Eldor Meliboyevga tan jarohati yetkazib, elektroshoker bilan qiynagan va qo‘l soati, Samsung rusumli qo‘l telefonini o‘g‘irlagan. 

Ma'lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda 1504 nafar yoshlar jinoyat sodir etgan bo‘lib, ularning asosiy qismini (84 foizi) akademik litsey va kasb-hunar kollej o‘quvchilari tashkil etadi. Jinoyatlar sodir etishda ta'lim muassasalaridagi davomatning nazoratga olinmasligi ham sabab bo‘ladi. IIV tomonidan o‘tkazilgan uch kunlik tadbirlar davomida respublika bo‘ylab o‘rtacha hisobda 3 mingdan ortiq maktab, 7 ming nafar kollej o‘quvchilarining darslarga sababsiz qatnashmagani aniqlandi. 

«Shu o‘rinda katta muammoli savol tug‘iladi: Xo‘sh, bu bolalar maktabga bormay, qayerga borgan? Mana shunday darsdan qochishlar oqibatida yoshlarimiz o‘g‘rilik qiladi, turli xil tashkilotlarga qo‘shilib qoladi. Yoshlarimizning davomatiga, darslarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga katta e'tibor qaratshimiz zarur. Voyaga yetmaganlarning jinoyati - bu men uchun favqulodda vaziyatdir. Bu kabi holatlar oldini olishga har birimiz jiddiy yondashishimiz lozim», deya qo‘shimcha qildi Ikromov.

Top